11 avgust kunida millionlab o‘zbek futbol muxlislarining qalbi to‘ridan joy olib, samolarda qolgan “Paxtakor-79” yigitlarini yodga olmay ilojimiz yo‘q.

Har gal Ukraina, Rossiya chempionati o‘yinlarini ko‘rganda yuragim armonga to‘lib, hapriqib qo‘yadi. To‘g‘risi meni bu yurt futbolchilarining yutuqlari emas, maydon chetida shogirdlariga ko‘rsatma berib, savlat to‘kib turgan murabbiylarini ko‘rib hayajonlanaman. Agar o‘sha yigitlarimiz taqdir hukmi bilan halokatga uchramaganlarida xuddi Bloxin, Buryak, Gazzayev, Demyanenko va yana boshqa ayni paytda o‘z jamoalari bilan maydonlarga fayz kiritayotgan tengdoshlari kabi murabbiy bo‘lishlari tayin edi. Bir xayol qiling-a An, Eshbo‘tayev, Korchenov, Agishev, Ashirovlar kabi futbolchilar “Paxtakor”, “Navbahor”, “Andijon”, “Buxoro” jamoalarini boshqarib, ko‘zimizni quvontirib turishganini...

Hozirgi payt o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi omadsizliklari aynan “Paxtakor-79”ni halokatga uchrashi bilan chambarchas bog‘liqdek, go‘yo. E'tibor bering-a, oxirgi yillarda jamoalarimizda murabbiylik qilayotgan murabbiylarning ko‘pi o‘sha paytlar birinchi ligalarda to‘p surganlardan. Balki, shuning uchundir saviyamiz ham shunga qarab rivojlanyapti menimcha. Ularga ham qilayotgan mehnatlari uchun tashakkur bildirishimiz kerak.  Ukrainadan Demyanenko kelib, bizga Osiyo klublari bilan qanday o‘ynash kerakligini ko‘rsatib ketdi. Bu ham endi, bir misolda...

Afsuski, bizning ukrainalik singari murabbiylarimizning nechtasi samoda qolib ketgan. Dunyoda barcha narsalar bosqichma-bosqich rivojlanib boradi. O‘sha mash'um 11 avgust kuni nafaqat bir jamoa, balki o‘zbek futboli rivojlanish ketma-ketligidagi zanjirdan bir halqa uzilgan edi. Lotin Amerikasi, Yevropaning “mana-man” degan klublarini yutib kelgan (Osiyoni-ku qo‘yavering) -paxtakorchilardan ishoning, ajoyib, xech qanday raqibdan “tap” tormaydigan hozirgi til bilan aytganda “dux”i baland murabbiylar chiqishi tayin edi. Mayli, taqdir ekan. Ular doimo yodimizda. Men quyida, “Paxtakor-79”ni o‘z maydonida so‘nggi bor o‘tkazgan o‘yinini futbol muxlislari yodiga yana bir bor solishni maqsad qildim, zora bu otaxon muxlislarimizni yodiga o‘sha quvonchli lahzalarni yana bir bor taqdim etib, yosh futbolchilarimiz bundan saboq olsalar.

So‘nggi, vidolashuv o‘yini...

1979 yil 8 avgust. Toshkent. “Paxtakor” stadioni. Oliy liga musobaqasi. Shu kuni o‘zbek futbolchilari 32 ming muxlis qarshisida Voroshilovgradning “Zarya” klubiga qarshi maydonga tushgan edilar.