11:42 / 11.08.2016
9281

Ukraina Qrimdagi voqea sabab BMT XK majlisini chaqirishga tayyor

Ukraina istalgan vaqtda BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari majlisini chaqirishga tayyor, deb bayonot bergan rasmiy Kiyev hukumatining tashkilotdagi doimiy vakili Vladimir Yelchenko.

Yelchenko BMT saytida efirga uzatilgan chiqishida Rossiyaning Qrimda qo‘poruvchilik tayyorlangani to‘g‘risidagi bayonotini fitna deb atagan. 

"Biz har qanday fitnalarni muhokama etishga tayyormiz va BMT XKning yig‘ilishini chaqirishga hozirlik ko‘ryapmiz", — degan Ukraina vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, "agar zarurat paydo bo‘lsa, bu zudlik bilan amalga oshiriladi".

Yelchenkoning qo‘shimcha qilishicha, u vaziyatni "imkon qadar tezroq" XK raisi va BMT bosh kotibi bilan muhokama etishni istaydi. 

Kuni kecha, Rossiya FXX Qrimda Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi tomonidan tayyorlangan qo‘poruvchiliklarning oldini olgani xabar qilingan edi. 

Diversantlarni qo‘lga olish chog‘ida, ikki nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. OAVning oydinlik kiritishicha, g‘arazgo‘ylar respublikaning sayyohlik maskanlarida qator portlashlarni amalga oshirib, turizm sohasiga zarba berishni rejalashtirishgan.

Top