11:47 / 15.08.2016
9563

Hindistonda Mustaqillik kuni nishonlamoqda

Foto: EPA

Mustaqillik kuni Hindistonning asosiy milliy bayramlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan mamlakat poytaxti Dehli shahri va boshqa yirik shaharlarida ehtiyot va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. IIV xabar qilishicha, maxsus xizmatlardan qo‘poruvchiliklar ro‘y berishi mumkinligi haqida xabar olingach, poytaxt ko‘chalarida 50 mingdan ortiq patrul xizmatchilari navbatchilik qilmoqda. 

Shaharning 17-asrga oid Qizil Fort tarixiy yodgorlik majmuasi ham jiddiy qo‘riqlanmoqda. Aynan shu yerda asosiy tantanalar bo‘lib o‘tadi. 70 yil muqaddam respublikaning birinchi bosh vaziri Javaharlal Neru tomonidan amalga oshirilgan va ana'anaga aylanib ulgurgan odatga ko‘ra, hukumat rahbari faxriy qorovul oldidan o‘tib, millatga murojaat qiladi. 

Ushbu maydon atrofida 15mingga yaqin xavfsizlik xodimlaridan iborat 8ta xavfsizlik xalqasi barpo etilgan. 500dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Maydon atrofidagi baland binolarning tomida snayperlar va havo hujumidan himoya vositalari joylashtirilgan. Bundan tashqari, Qizil Fort osmoni kun davomida politsiya vertolyotlari va uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilmalardan boshqa har qanday texnika uchun yopiq bo‘ladi. 

1947-yil 15-avgust kuni Hindiston mustaqillik akti (Indian Independence Act) qabul qilingan edi. Buyuk Britaniyaning sobiq mustamlakasi ikkiga bo‘linib, Hindiston ittifoqi va Pokistonga ajratilgandi. 

Shu kundan e'tiboran, mamlakatning shahar va qishloqlarida, davlat mulozimlari ishtirokida davlat bayrog‘ini ko‘tarish tantanali marosimi o‘tkaziladi. 

Pokiston o‘z mustaqilligini Hindistondan bir kun avval, 14-avgustda nishonlaydi.

Top