09:36 / 20.08.2016
14294

AQSh OAV Hillari Klintonning sog‘lig‘i borasida jiddiy xavotir bildirmoqda

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Hillari Klintonning sog‘lig‘i AQSh OAVida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Buning uchun sabablar ham talaygina. 

Klinton saylovoldi nutqlaridan birida jurnalistlarni g‘alati harakatlari bilan ajablantirgandi. Keyinroq internetda bu vaziyatda Klintonga dori inʼeksiyasi yuborishga tayyor turgan uning yordamchisi surati paydo bo‘ldi.

MSNBC telekanaliga intervyuda AQSh prezidenti lavozimiga boshqa nomzod, Klintonning asosiy raqibi Donald Trampning vakili Katrina Pirson Klinton disfaziya, ya'ni nutq buzilishidan aziyat chekishini ochiq aytdi. Pirsonning aytishicha, Klintonda bir vaqtlar bosh chayqalish bo‘lgan.

Tramp yaqindagi nutqlaridan birida Klinton prezident bo‘lish uchun jismoniy jihatdan yetarlicha bardoshli emasligi haqidagi fikrni bildirgan. 

Bir necha oy oldin Youtube’da Klinton jurnalistlar bilan suhbatlashayotganda o‘zini yomon his qilayotgani video chop etilgandi.  

Biroq Klintonning shifokori Liza Bardakning aytishicha, Klintonning sog‘lig‘i joyida. "Klinton prezident bo‘lish uchun a'lo darajadagi sog‘liqqa ega", deb aytgan Bardak.

O‘z navbatida, Klinton shtabi vakili Joel Benenson Klinton ahvoli bilan bog‘liq voqealar: uyqusirashi, boshini chayqaltirishi va qo‘llanishga tayyor turgan inʼeksiyalarga izoh berishni istamadi. Benensonning aytishicha, bu e'tibor berishga loyiq bo‘lmagan mayda-chuyda narsalar va Trampning ig‘volaridir.

Top