23:22 / 07.09.2016
13646

Bentley o‘z tarixidagi eng tezkor sedan yaratdi

Bentley kompaniyasi Flying Spur sedanining eng qudratli va tezkor modifikatsiyasini taqdim qildi. Bu mashina W12 S deb belgilandi. Yangi mashina britan markasi tarixidagi birinchi to‘rt eshikli model bo‘ldi va uning maksimal tezligi soatiga 320 km ni tashkil qiladi. 

Bentley Flying Spur W12 S modernizatsiyalangan 12 silindrli, 635 ot kuchiga erisha oladigan tvin-turbo motor, ZF firmasining 8 pog‘onali "avtomat" uzatmalar qutisi bilan jihozlandi.

Sedan birinchi 100 km tezlikka 4,5 soniyada erisha oladi, maksimal tezligi esa 325 km/soatni tashkil qiladi. 

Yangi model karbon-keramik tormoz mexanizmlari hamda modernizatsiyalangan podveska va barqarorlikning qayta sozlangan tizimini oldi.

Sedan 21 dyuymli yengil qotishmali g‘ildiraklar, qoraytirilgan asosiy yorug‘lik faralar va orqa chiroqlar, tashqi oynalarning o‘ziga xos korpuslari va maxsus diffuzor bilan jihozlandi. Mashina salonida yangi rul chambari qo‘llangan.

Bentley Flying Spur W12 S 2016 yil oxiridan sotuvga chiqariladi. Uning narxi hozircha ma'lum qilinmagan.

Mavzuga oid
Top