14:53 / 14.09.2016
11359

UYeFAga yangi prezident saylandi

Sloveniya futbol federatsiyasi rahbari Aleksander Cheferin UYeFAning yangi prezidentiga aylandi.

Bugun Afina shahrida UYeFA prezidenti saylovi o‘tkazildi. Unda tashkilotga a'zo 55 mamlakat vakillari 2 nomzod orasidan ovoz berish yo‘li bilan tashkilot rahbarini aniqlashdi.

Saylov yakuniga ko‘ra, sloveniyalik Aleksander Cheferin 42 ovoz to‘plab, UYeFA prezidenti qilib saylandi. Unga raqiblik qilgan niderlandiyalik Mixael van Praag 13 ovoz oldi.

49 yoshli Cheferin 2011 yildan buyon Sloveniya futbol federatsiyasi rahbari bo‘lib ishlab kelmoqda edi. U endi 2007 yildan buyon UYeFA rahbari bo‘lgan Mishel Platini o‘rnini egalladi.

Aleksander Cheferin 1967 yilning 13 oktabrida Lyublyanada tug‘ilgan. U Lyublyana universitetida huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. Avvaliga oilaviy firmaning advokatlik bo‘limida ishlagan. Bu firma professional sportchilar hamda sport klublarining manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan. Keyinroq u otasidan firma boshqaruvini qabul qilib olgan va firma direktoriga aylangan.

Cheferinning Sloveniya futbolidagi faoliyati 2005 yilda, u «Litiya» nomli futzal klubi bilan hamkorlik qilishga kirishgach, boshlangan. 2005 yilda Cheferin «Lyublyana Loyyers» nomli havaskor jamoa direktorlar kengashi tarkibiga kirgan, 2006-2011 yillarda esa Lyublyananing «Olimpiya» jamoasi boshqaruvida bo‘lgan.

Slovenchadan tashqari, Cheferin ingliz va italyan tillarida bemalol so‘zlasha oladi. Uylangan, 3 farzandning otasi.

2011 yilda Cheferin Sloveniya futbol uyushmasi prezidenti etib saylangan. 2015 yilning fevralida esa u o‘z lavozimiga qayta saylangan. Bundan tashqari, u 2011 yildan buyon UYeFA Yuridik qo‘mitasida rais o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Mavzuga oid
Top