12:17 / 15.09.2016
7778

Xitoy ob-havoni boshqarish bo‘yicha loyihani ishga tushirmoqchi

Xitoy mamlakat hududida ob-havoni keng miqyosda boshqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda

Mutaxassislar Tibet tog‘ligi ustida sun'iy bulutlarni yaratish jarayonini ishga tushirishni taklif qilishmoqda. Bu yiliga 5 mlrd kub metrdan ko‘proq suv yaratishga imkon beradi. Yomg‘irlar Xuanxe daryosi havzasini to‘ldirishi kerak.

Xitoylik olimlar tomonidan o‘tkaziladigan bu loyiha bo‘yicha ishlarning texnik-iqtisodiy asoslanishini Tsinxay viloyati rahbariyati moliyalashtirmoqda. Viloyatning joriy besh yilligida ob-havoni boshqarish rejasi birinchi o‘rinda turibdi.  

"Atmosferadagi chegara qatlami va troposfera orasida suv bug‘ini tashish uchun barqaror, tartiblashgan va "Osmon daryosi" deb nomlangan kanal mavjud", deb aytmoqda Tsinxay universiteti prezidenti Van Guantyan.

Suvni ushlab olish uchun olimlar atmosferaga raketa va samolyotlar yordamida yetkaziladigan kimyoviy moddalarni qo‘llashni taklif qilishmoqda. Ob-havo sharoitini tezkor kuzatish uchun orbitaga maxsus yo‘ldosh uchirish taklif qilinmoqda.

Ob-havoni boshqarishni hamma olimlar ham ma'qullashmayapti. Tsinxua universiteti (Pekin) iqlimshunosi, professori Lo Yunning ta'kidlashicha, u biror marta "Osmon daryosi" mavjudligini eshitmagan. Qolgan mutaxassislar esa Guantyan bu atama ostida havodagi suv bug‘ining tor oqimini nazarda tutishini aytishmoqda. Yun, shuningdek, insonning bunday katta ko‘lamda ob-havoni boshqara olishga qodirligiga gumon bildirmoqda.

Xitoy markaziy qismining g‘arbida joylashgan Tsinzay viloyati Xitoyning eng qurg‘oqchil hududlaridan hisoblanadi. Hududda Yantszi, Xuanxe va Mekong kabi yirik daryolarning boshlari joylashgan. Yerlarning qurib ketishiga qarshi kurashish maqsadida Xitoy ikki yil avval Yantszi daryosi suvlarini shimol tomonga yo‘naltirishni boshlagandi.

Top