15:52 / 16.09.2016
9668

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,8 foizni tashkil etdi

15 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev ma'ruza qildi.

Ta'kidlanganidek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash jahon maydonida milliy iqtisodiyotni raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 6,7 foizga oshdi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmini 11,8 foizga va pudrat-qurilish ishlari hajmini 17,5 foizga oshirish imkonini berdi.

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlariga tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, davlat byudjyetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti va inflyatsiya darajasining pastligini ifoda etgan makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash orqali erishilgan.  

 Joriy yilning o‘tgan davrida Davlat byudjyeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta'minlanib, ular mamlakatimiz aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qildi. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Qishloq joylarida namunaviy loyihalar bo‘yicha zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan 13 mingta yakka tartibdagi uy-joy qurishni tashkil etish borasida chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ayni paytda 5,1 mingdan ziyod uylar qurib bitkazildi. 

Muhokamalar davomida deputatlarning Davlat byudjyeti ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bergan savollariga hukumat vakillari atroflicha javob berishdi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonovning qo‘shimcha ma'ruzasi eshitildi.
O‘zbekiston Davlat byudjyetining 2016 yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari nuqtai nazarlari va fikrlarini bayon qilib, byudjyet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, byudjyet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining mamlakatimiz Byudjyet kodeksiga rioya qilish bo‘yicha mas'uliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta'minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish muhimligini ta'kidladilar. Joriy yilning birinchi yarim yilligida bu borada qiymati 267,5 milliard so‘mlik investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan 305 ta davlat aktivlari xususiy mulkdorlarga sotilgan. Kichik biznes sub'yektlariga 8,3 trillion so‘mlik kredit ajratilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga o‘sgan. 

Shuningdek, fraksiya a'zolari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada rag‘batlantirish, xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni izchil rivojlantirish uchun xomashyo resurslarini ochiq birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini oshirish va shu orqali ularning xarid imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yuqori natijalarini alohida e'tirof etdilar. Jumladan, yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 600 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etilgan. 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar majlis ishtirokchilarining diqqatini aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturining amalga oshirilishiga qaratdilar. Xususan, 2016 yilning birinchi yarim yilligida 462,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilganligi, shundan 59,8 foizi qishloq joylarida ekanligini e'tirof etdilar. 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari joriy yilning birinchi yarim yilligida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun 4,4 trillion so‘m, shuningdek, 111,0 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yo‘naltirilganini ta'kidlab, mazkur dasturni amalga oshirish uchun Davlat byudjyetidan yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy parlament nazorati yo‘lga qo‘yilganligini ta'kidlab o‘tdilar. 
Shuningdek, fraksiya vakillari o‘z saylovoldi dasturlaridan kelib chiqib, ilm-fanni rivojlantirishga 82,7 milliard so‘m sarflanganini e'tirof etgan holda, yo‘naltirilgan mablag‘lar mamlakatimizning ilmiy, ilmiy-texnik salohiyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdilar. Deputatlar davlat ilmiy-texnik dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini, tarmoqlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlanmalar dasturlarini moliyalashtirishning maqbullashtirilishiga doir takliflar bildirdilar.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a'zolari ta'kidladilarki, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ekologik barqarorlikni ta'minlash, aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy hamda toza texnologiyalarni keng joriy etilishiga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

Top