Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar bo‘ldi
19 sentabr kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Uni Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev olib bordi. Konferentsiya yig‘ilishida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbarlari, murabbiylar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar federatsiyasi rahbarlari ishtirok etishdi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Murod Aliyev ma'lumot berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan 2013-2016 yillar davomida Rio-2016 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, eng avvalo murabbiylar Kengashi faoliyat yuritmaganligi, yosh iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga yetarli darajada e'tibor berilmaganligi, ayniqsa federatsiya rahbariyati maqsadli vazifalar qo‘ymaganligi sababli mana shunday qoniqarsiz natijalarga erishilganligini ta'kidlab o‘tdi va bu masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ma'lumki, qilichbozlik mamlakatimizda o‘z tarixi, o‘z an'analariga ega bo‘lgan sport turlaridan hisoblanadi va sportning ushbu turida o‘z vaqtida hamyurtlarimiz bir qator yuqori natijalarga erishishgan. Jumladan birgina Sobir Ro‘ziyevning o‘zi qilichbozlik bo‘yicha jamoaviy bahslarda ikki marta jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan, bir martadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 1976 va 1980-yillardagi Olimpiya o‘yinlarida yakkalik bahslarida 4-o‘rinni egallagan. Jamoaviy bahslarda esa Moskva olimpiadasining kumush medaliga ega bo‘lgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach qisqa davr mobaynida 3 nafar o‘zbekistonlik sportchi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga ulgurishdi. 1996 yili Atlantada Rafkat Ro‘ziyev rapira yo‘nalishida, 2000 yil Sidneyda Anisa Petrova va 2012 yili Londonda Ruslan Kudayev shpaga yo‘nalishlarida Olimpiya o‘yinlarida vatan sharafini himoya qildi.
Ammo 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlariga sportning ushbu turidan birorta ham litsenziya qo‘lga kiritilmadi.
Ta'kidlash kerakki, qilichbozlik bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritish yildan yilga qiyinlashib bormoqda. Buning uchun sportchilar murakkab saralash bosqichlaridan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi va buni hech kim inkor eta olmaydi. Ammo O‘zbekistonda sportga, xususan bolalar sportiga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor natijasida o‘zbekistonlik sportchilar sportning ko‘plab turlarida nafaqat litsenziyalarni qo‘lga kiritishmoqda, balki Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari safidan joy olib, vatanga medallar shodasi bilan qaytishmoqda.
Konferentsiyada davomida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Gennadiy Pelix, rapira yo‘nalishida terma jamoa katta murabbiyi Irina Vasileva, shpaga yo‘nalishida terma jamoa katta murabbiyi Ruslan Kudayev, sablya yo‘nalishida katta murabbiy Nurali Nosirov, yakkama yakka kurash bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Shahrullo Mahmudovlar so‘zga chiqib, mazkur sport turini O‘zbekistonda yanada ommaviylashtirish, xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishish yo‘lida o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Shuningdek, shu paytgacha qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelgan, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Sobir Ro‘ziyev so‘zga chiqib bundan buyog‘iga federatsiya ishini yangi bosqichga olib chiqish, sportning ushbu turini yanada rivojlantirishni ta'minlash maqsadida federatsiya raisligiga bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikramov nomzodini ilgari surdi. Konferentsiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan qabul qilishdi va Adham Ilhomovich Ikramov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisligiga saylandi. O‘z navbatida yangi rahbar Sobir Ro‘ziyevning boy tajriba va va katta mahorat sohibi ekanligini hisobga olib uning nomzodini maslahatchi, Nodira Alimova nomzodini esa bosh kotib lavozimiga taklif etdi. Bu boradagi qaror ham bir ovozdan qabul qilinib har ikkala mutaxassis yangi lavozimlarda faoliyatlarini davom ettiradigan bo‘lishdi.
Konferentsiya davomida shuningdek federatsiiyadagi mavjud muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, qilichbozlik sport turini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, sport turini ommaviyligini oshirish, tuman, viloyat va Respublika musobaqlarini tizimli o‘tkazish kabi takliflar kiritildi. O‘z navbatida yaqin kelajakka federatsiya oldiga katta maqsadlar qo‘yildi. 2020 yilgi Tokio olimpiadasiga nafaqat litsenziyalarni qo‘lga kiritish, balki sovrinli o‘rinlarni egallash va medallarga sazovor bo‘lish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mavzuga oid
08:30 / 04.12.2024
O‘zbekiston 2027 yilda qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
14:57 / 13.01.2024
Rossiyani tark etgan qilichbozlar AQSh sharafini himoya qilmoqchi
10:17 / 08.10.2023
«O‘tgan yili qizimga sport bilan xayrlashasan, degandim». Hangjou-2022 qahramonlari bilan poyezddagi intervyu
16:10 / 29.09.2023