14:48 / 20.09.2016
7766

Chovusho‘g‘li IShID ustidan g‘alaba qozonish uchun qanday yo‘l tutish kerakligini aytdi

Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li quruqlikdagi harbiy amaliyotsiz IShID terrorchi guruhiga bas kelib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Bu haqida u CNN International telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi

"Biz terrorchilar bilan kurashda "Suriya erkin armiyasi"ni (SEA) qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Har bir xalqaro uchrashuvda biz quruqlikdagi harbiy amaliyotsiz bu qonli guruhni mag‘lub qilib bo‘lmasligini ta'kidlab kelyapmiz", - dedi u. 

Turkiyaning harbiy rejalariga to‘xtalar ekan, Chovusho‘g‘li "Frot qalqoni" operatsiyasi doirasida Suriya shimolida xavfsizlik zonasi yaratilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. 

"Rejalar quyidagicha: "Manbij etagi" deb nomlangan mintaqani IShIDdan xalos qilish va uni xavfsizlik hududiga aylantirish. Shundan so‘ng e'tiborimiz Al-Bab shahriga qaratiladi", - dedi u. 

Vazir Suriyaning Raqqa va Iroqning Mosul shaharlari "IShIDning poytaxti" hisoblanishi va "bu hududlarda tozalash ishlari olib borilishi kerak"ligini ta'kidladi. 

"Bizning dushmanimiz bir, shu bois hammamiz unga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim. Jarablusdagi harbiy amaliyotdan keyin hammada IShIDni osonlik bilan yutish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi. Eslatib o‘taman, 30 ming IShID terrorchisi 65 mamlakat koalitsiyasiga qarshi kurashmoqda", - dedi u. 

Turkiya 24 avgustdan Suriya hududida "Frot qalqoni" operatsiyasini yo‘lga qo‘ydi va 8 soat ichida SEAga Jarablus ustidan nazorat o‘rnatishga yordam berdi. 

Top