22:10 / 23.09.2016
24749

36 savolga 36 javob yoxud sifat muhimmi yoki natija?

Yaqinda anchadan beri ko‘rmagan dugonamni uchratib qoldim. Suhbatni qisqa qilganidan qayergadir shoshayotganini sezdim, yanglishmabman — repititoriga oshiqayotgan ekan. 

Buning nimasi qiziq dersiz? Albatta, keyingi yillarda buning sira ajablanarli joyi qolmadi. Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari aksariyat abituriyentlar repititorga serqatnov bo‘lib qoladi. O‘zlari-ku yosh, qiziqqon, hali ba'zi narsalarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishi mumkindir, ko‘pni ko‘rgan ota-onalar-chi? Ular bilan gaplashganda ayrimlarining: «Bugungi o‘qituvchilar yaxshi o‘qitmaydi, shuning uchun bolamni repititorga berdik» degan gaplarini eshitamiz. Xo‘sh, bu fikr qanchalik asosli? O‘zi farzandini o‘qishga tuzukroq qiziqtira olmagan, ilm olishga ishtiyoq uyg‘otishni eplamagan kishilarning ming-minglab zahmatkash muallimlar faoliyati ustidan chiqargan nohaq xulosalari emasmi? Yoki rostdan ham o‘qituvchilar berayotgan bilim yigit-qizlarimizning oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishiga yetarli bo‘lmayaptimi? Umuman, bizning tushunchamizdagi repititor kim o‘zi? Professional o‘qituvchimi yoxud yoshlarni shunchaki kirish imtihonlariga tayyorlaydigan kimsami? Quyidagi mulohazalar orqali shu kabi savollarga javob topishga harakat qilamiz. 

Repititor kerakmi?
— O‘qishga tayyorlanish uchun repititorga boryapman, — deydi Jalaquduq pedagogika va iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Javohir Parpiyev. — Kollej darslarida ham kerakli bilimlar beriladi, albatta. Lekin bu test savollariga javob topish uchun yetarli emas deb o‘ylayman. Repititor esa aynan o‘sha testlarda so‘raladigan ma'lumotlarni saralab yodlatadi.
Repititorga qatnovchi yoshlar orasida so‘rov o‘tkazganimizda, ularning qo‘pchiligi ta'lim muassasasidagi darslardan qoniqmaslini (bu masala gazetamizning o‘tgan sonlaridan birida yoritilgan edi) aytishdi. Repititorga borishdan maqsad esa, ma'lum bo‘lishicha, test ishlashni o‘rganish. Ha, aynan test ishlashni. Muayyan bir fanning sir-asrorlarini emas! 

Bu kabi masalalarga aniqlik kiritish uchun poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan repititorlarning darslarini kuzatdik. Natijada aksariyat repititorlar akademik litsey o‘qituvchilari bo‘lib, ular darsni ta'lim muassasasidagi asosiy mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng o‘tishini aniqladik. Repititorlarning o‘zlari bergan ma'lumotga qaraganda, xususiy mashg‘ulotlarga keluvchilar orasida kollejga nisbatan litsey o‘quvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Akademik litseylar O‘zbekiston Respublikasi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga asosan, oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan ta'lim muassasasi hisoblanadi. Buni inobatga oladigan bo‘lsak, gap yana ta'limning sifatiga borib taqaladi. Xo‘sh, akademik litsey o‘z faoliyatga ko‘ra, oliy ta'limga tayyorlovchi muassasa ekan, nima uchun bu vazifani litseyning o‘zi uddalamasligi kerak? Repititorlik fenomeni taraqqiy etganining sabablarini, avvalambor, o‘rta-maxsus ta'lim muassasalaridan, javobgarlikni esa ularning rahbarlaridan so‘rash kerak emasmi? Axir, litseylar shu maqsadda ochilmaganmidi? Yo darslarga ajratilgan soatlar noto‘g‘ri taqsimlanganmi? Balki gap guruhlarda o‘quvchilarning ko‘pligidadir (30-40 tagacha)?!

— Litsey darslarining o‘zida ham o‘quvchilarimni testlarga tayyorlab borishga harakat qilaman, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyning ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchisi Sanobar Qo‘ldosheva. — Biroq buning o‘zi yetarli emas. Sababi litsey mashg‘ulotlarida o‘sha bir soatlik dars uchun mo‘ljallangan mavzu o‘tiladi. Testlarning 50 foizi esa maktab darsliklaridan tuzilgan. O‘quvchi maktabda mavzularni yaxshi o‘zlashtirgan taqdirda ham, testda so‘raladigan fakt, nazariy ma'lumotlarni unutgan bo‘ladi. Mana shu o‘rinda o‘quvchi repititorga ehtiyoj sezadi. O‘quvchi maktab, litseyda umumiy bilimni olaveradi, repititor esa aynan kirish imtihoni testlariga e'tiborni qaratib, bir fan bo‘yicha chuqurroq bilim beradi.
Afsuski, barcha repititorlar haqida ham bunday fikrni aytish qiyin. Aniqlanishicha, litseydagi barcha o‘qituvchilar ham dars mobaynida bilim bermaydi, imtihonga tayyorlamaydi, buning o‘rniga pullik qo‘shimcha mashg‘ulotlarini tavsiya qiladi. Har qanday ma'lumot, axborot tovar xususiyatiga ega bo‘lgan XXI asrda bilim ham sotiladigan bo‘libdi-da! 

Reklamaning ta'limga aloqasi bormi?
Ha, talaba bo‘lish orzusidagi yoshlar orasida repititorga borish tendensiya — urf bo‘libdimi, demak repititorlikning o‘zini jamiyatda muayyan bir fenomenga aylanib bo‘ldi deyish mumkin. Xo‘sh, bu fenomen qanday vujudga keldi?  
Repititorga borish allaqachon “nufuz” kasb etgan. “O‘qishga kirishim yuz foiz — repititorga boryapman”, — deya kerilishganda, beixtiyor bunday ishonchning sababiga qiziqasiz. Bu ishonch ortida o‘qituvchidan olingan puxta bilim turibdimi yoki?.. Yaxshi o‘qitadigan repititorlar bor. Lekin kuzatuvlarimiz jarayonida “Aniq o‘qishga kirgizib qo‘yaman”, deb quruq va'dalar berib o‘z xizmatini reklama qiluvchilar ham yo‘q emasligini ko‘rdik. 

Qiziq, qanday qilib natijani bir necha oy oldin bu kabi ishonch bilan bashorat qilish mumkin? Yuz foiz kafolat berishning o‘zi ishonchdan ham ko‘ra ko‘proq reklamani eslatadi. Reklamaning ta'limga nima aloqasi bor? Aytganday, repititorlik ta'lim shaklimi yoki biznes turi? 

Repititorlikning narxini kim belgilaydi?
Fanlar belgilaydi. Aniqrog‘i, uning narxi siz qaysi fanni o‘qimoqchi ekaningizga bog‘liq. Bu hali hammasi emas. Bunda o‘sha fan siz kirmoqchi bo‘lgan ta'lim muassasasi test sinovlarida nechanchi blokda turganiga qarab belgilanadi. Qiziq-a? Bitta o‘qituvchining darsiga keluvchi o‘quvchilarda bitta fan turli blokda turadi. Masalan, matematika qaysidir o‘quvchi uchun birinchi blok fani, boshqasi uchun uchinchi blok hisoblanadi. Bitta auditoriyada o‘tirgani bilan testda birinchi blok matematikani topshiradigan bola, uchinchi blokda shu fanni topshiradigan bolaga nisbatan ikki karra ko‘p pul to‘laydi. Yana bir qiziq jihati shundaki, fanning narxini belgilash ham allaqachon shakllanib bo‘lgan. Har bir fan bo‘yicha narxlar kelishilgan. Mazkur mavzuni o‘rganish jarayonida tillarni o‘qitish eng qimmat turishiga guvoh bo‘ldik. Bugungi kunda ingliz tili fanini o‘qitish oyiga 200-400 ming so‘mdan. Keyingi o‘rinda aniq fanlar turadi. Matematika bo‘yicha bir soatlik dars 30-40 ming so‘m. Xo‘sh, bu narx o‘zini qanchalik oqlaydi?..

— Universitetga kirish uchun ingliz tilidan qo‘plab repititorlarga qatnaganman, — deydi O‘zDJTU talabasi Nargiza Norqo‘ziyeva. — Ularning hammasi ham grammatika bilan bog‘liq qoidalarni yodlatgan. Lekin repititorlarning hech qaysisi dars davomida ingliz tilida birorta ham so‘z aytmasdi. Maqsad test savollarida so‘raladigan grammatika qoidalarini yodlatish edi. 

Tillar bo‘yicha repititorga qatnagan qaysi yigit yoki qiz bilan gaplashmaylik, javobi yuqoridagidek bo‘ldi. To‘g‘ri, testlarga javob topishni o‘rgatishni va'da qilib, “mijoz”lar sonini  anchagina ko‘paytirib olish mumkin. Biroq maqsad bilim o‘rgatishmi yoki qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham pul topishmi?

“Lisenziya deganingiz nimasi?” 
Repititorlik xususiy o‘qituvchilik faoliyati ekan, uning qonun bilan bog‘liq jihatlariga qiziqmaslikning iloji yo‘q. Xo‘sh, repititorlik haqida qonunchilikda nima deyiladi?

Bu ham xususiy tadbirkorlikning bir shaklidir, — deydi  huquqshunos Nosirjon Asqarov. — Shunday ekan, bu faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish qonunga xilofdir. Albatta, maktab, kollej, litseylarda iqtidorli o‘quvchilarni olimpiadalar, ko‘rik-tanlovlarga tayyorlash uchun o‘quv muassasa ma'muriyati alohida o‘qituvchiga biriktirib qo‘yadi. Bunda pedagog boladan hech qanday to‘lov olmasligi sababli, bu kabi repititorlik yoki ta'lim muassasasidagi bepul to‘garak o‘qituvchilaridan hech qanday litsenziya talab qilinmaydi. Biroq repititor darslari uchun haq to‘lanadimi, demak, bunda aniq bir kirim, daromad bor va u soliqqa tortilishi shart. Xulosa qilib aytganda, qonuniylashtirilmagan faoliyat olib boradigan repititor ham litsenziyasiz tadbirkorlik bilan shug‘ullangani uchun, ham tijorat orqali doimiy daromadga ega bo‘la turib davlatga belgilangan soliqni to‘lamagani uchun javrbgarlikka tortiladi. 

Qonun belgilagan talablar shunday ekan, bunga izoh bildirishga hojat yo‘q. Buning o‘rniga biz repititorlarning o‘zlaridan litsenziya haqida so‘raymiz.

Ko‘pchilikdan olgan javobimiz esa shunday bo‘ldi: “Lisenziya? Qanaqa litsenziya? Nimalar deyapsiz?!”. 

Kim ko‘p test yodlaydi?
Davlat test markazi tomonidan o‘tgan yillarda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari savollari jamlangan axborotnomalar chop etilganiga ko‘zingiz tushgandir. Abituriyentlar orasida bu kitobchalar “Variant” nomi bilan mashhur. Hoynahoy, bu kitobchalardan repititorlar ham shogirdlarining bilimlarini sinashda foydalanadi, deb o‘ylayotgandirsiz. Ha, to‘g‘ri, lekin bilim sinashda emas. Aniqrog‘i, bilimni repititorlar aynan shu kitobchalar yordamida berishga harakat qilar, ya'ni ulardagi testlarni birma-birma yodlatar ekan. 
— Uchala fandan ham repititorga borganman, — deydi Respublika tibbiyot kolleji bitiruvchisi, abituriyent Zeboxon Tojixonova. — Testlarni rosa yodlaganman. Imtihon kuni umuman boshqa savollar tushgan.

Test yodlatish... Bu balki, bilim berishning yangicha usulidir? Keling, bu usulning samaradorligini sinab ko‘ramiz. 2013 yilda ona tili fani test variantlari ichida quyidagi savolga to‘xtalamiz: “Sof ko‘makchilar qatorini aniqlang”. Xo‘sh, bu test savolini javobi bilan birga abituriyent yodlab oldi ham deylik. Imtihonda sof ko‘makchilar haqida savol tushdi, biroq variantlarda endi boshqa so‘zlar — test yodlagan abituriyent nima qilsin? 

O‘sha yilgi testlar ichidan yana quyidagasini ham ko‘rib o‘tish mumkin: “Shuhratning 1965 yilda yozilgan qaysi asari uning nomini elga mashhur qilgan?”. Abituriyent bu savolni ham javobi bilan birga osonlikcha yodlab olishiga, hatto imtihon kuni to‘g‘ri variantni belgilay olishiga ham shubhamiz yo‘q, biroq  asarning o‘zini o‘qimay turib, u nimasi bilan yozuvchini xalqqa tanitganini abituriyent qanday tushunib yetadi? Yoki adabiyot xronologik ma'lumotlar, faktlarni quruq yod olish ilmimi?  

Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha tayyorlanayotgan abituriyentlar bilan gaplashganimizda shuni bildikki, ular barcha taniqli yozuvchilar, shoirlarning tug‘ilgan yillari, hatto asarlarining aniq yozilgan sanasini ham yoddan aytib bera oladi. Biroq repititorlardan “Ulardan qaysi birining asarlarini o‘quvchilaringizga o‘qitgansiz?” deb so‘rasak, “Testda tushmaydi-ku” degan javobni berishdi. To‘g‘ri, repititorning vazifasi kirish imtihonlariga tayyorlashdan iborat, biroq bir necha yillab olingan darslar o‘quvchi dunyoqarashining o‘sishiga xizmat qilishi kerak emasmi? Zero, ko‘ndalang turgan savol ma'lum, qay biri ma'qul: sifatmi yoki natija?

Abituriyent talaba bo‘lganda...
Albatta, natijani muhim biladilar. Talaba bo‘lish orzusidagi abituriyent “O‘qishga kirsam bo‘ldi” deydi. Biroq o‘qishga kirgandan keyin-chi?..
— Kirish imtihonlarida eng yuqori ballarni olgan talabalar mashg‘ulotlar boshlangach, eng elementar tushunchalarni ham anglamay tursa, avvaliga hayron bo‘lardim, — deydi O‘zDJTU o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Feruza Hayitova. — Masalan, “Ravish nima?” degan savolni bersam, ta'rifini so‘zma-so‘z aytishadi, biroq matnda topib bera olishmaydi. Keyinchalik gaplashganimda, ularni repititorlar o‘qishga tayyorlagani, nazariy ma'lumotlarni qoyilmaqom yodlatgani, biroq tushuntirib bermaganini bildim. Eng achinarlisi, shunday talabalarga yozma vazifalar topshirganimda, nihoyatda ko‘p imlo xatolariga yo‘l qo‘yishadi. Bu ularning kollej-litseydagi darslarni qoldirib, faqat test yodlagani tufaylidir. Zero, til, adabiyotni bilish nazariy faktlarni yodlash bilan kifoyalanmaydi. Qolaversa, tilni o‘rganishda og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirish juda muhim.   

Har kimning o‘z yondashuvi bor...
So‘zimiz avvalida, bilimning ham yangi asrga kelib, tovar xususiyatiga ega bo‘lgani haqida gapirdik. Har qanday tovarning sifati haqidagi eng to‘g‘ri fikrni esa har doim iste'molchi — bu holatda repititor xizmatlaridan foydalangan talabalar aytadi: 
— Repititorlik kerak, — deydi O‘zDJTU talabasi Iroda Muhitdinova. — Albatta, o‘z ishiga faqat daromad manbai sifatida qaraydiganlar ham topiladi. Biroq chinakam mustahkam bilim berib, oliy o‘quv yurtlariga puxta tayyorlaydigan repititorlar ham bor. 
— Kirish imtihonlariga mustaqil tayyorlanish ham mumkin, — deydi O‘zMU talabasi Feruza Xayrullayeva. — Buning uchun alohida repititorning yordami shart emas. Axir, imtihon kuni beriladigan savollarning barchasi ham maktab, litsey o‘quv dasturlaridan olinadi. Demak, imtihon kuniga qadar o‘tilgan mavzularni takrorlash, test yechishni mashq qilib borishning o‘zi kifoya.

Ko‘rib turganimizdek, har qanday ijtimoiy hodisa kabi repititorlik ham o‘zining ijobiy va andak salbiy jihatlariga ega.

Xulosa... emas
“Repititor” so‘zining lug‘aviy ma'nosi — “takrorlatuvchi”, ya'ni o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlashga ko‘maklashuvchidir. Har qanday fanni o‘rganishda avval o‘zlashtirilgan tushunchalarni takrorlab borish muhim bo‘lgani kabi, repititorlik fenomenini ham jamiyatda keraksiz, deb bo‘lmaydi. Biroq uning stixiyali rivojlanishi boshqa masala. Aytaylik, ayrim repititorlar darslarni xonadonlarida olib boradi. Lekin 10-15 bolani to‘plab, repititorning qanday g‘oyaviy ta'sir o‘tkazishi mumkinligi jamiyatga qorong‘i...
 Yuqorida ta'kidlanganidek, repititorlik asli ta'lim shaklidir. Demak, bu soha bilan oliy ma'lumotli, ma'lum tajribaga ega pedagoglar shug‘ullanishi lozim. Shunday ekan, repitorlik litsenziyasining berilishi uchun ma'lum talablar, joiz bo‘lsa, attestatsiya tizimini joriy qilish, umuman olganda, ushbu sohani tartibga solishning vaqti kelmadimi?.. 

Muxtasar aytganda, ushbu maqolada ko‘tarilgan mavzu dolzarb, shu bilan birga juda munozarali. Shu bois, unda muallif fikrlarini butkul xulosa sifatida qabul qilmay, mavzu yuzasidan boshqalarning fikrlarini bilish ham muhim. Shuning uchun o‘quvchilarimizning fikrlariga ham o‘rin berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.  Repititorga borish-bormaslik esa abituriyentning o‘ziga havola.

Mohlaroyim  QAYuMOVA, 
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi,
“Ma'rifat” mahorat maktabi bitiruvchisi

Top