Iqtisodiyot | 19:51 / 23.09.2016
9539
3 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda akril ipi ishlab chiqarilmoqda

O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat mulkini xususiylashtirish, ayniqsa, davlat tasarrufidagi past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan binolarni “nol” xarid qiymatida sotish joriy etilgani xususiylashtirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 3 iyuldagi “Davlat mulki obektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2015 yil 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va iqtisodiy nochor davlat korxonalarini investorlarga “nol” qiymatda sotish imkoniyatini yanada kengaytirdi. 

Navoiy viloyatida bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish, investitsiya kiritish sharti bilan yangi ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida 15 obekt viloyat hududiy tanlov komissiyasi qaroriga asosan 9 milliard 250 million so‘m va 550 ming dollar miqdorida investitsiya kiritish majburiyati va 422 ish o‘rni yaratish sharti bilan tadbirkorlik sub'yektlariga sotilgan. 

O‘zA xabariga ko‘ra, Zarafshon shahrida bo‘sh turgan inshoot o‘rnida “Orianna Yarns Tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tashkil etildi. 4 milliard 500 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan faoliyat boshlagan korxonada akril ipi ishlab chiqarilmoqda. 

"Mahsulotimizga talab ortib, ishlab chiqarish hajmi yanada kengaymoqda. Korxonada mehnat qilayotgan 150 ga yaqin ishchining asosiy qismi yoshlardan iborat. Yiliga 700 tonna ip ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona Qozog‘iston Respublikasi bilan 400 ming dollarlik eksport shartnomasi imzolagan. Ayni paytga qadar 43 ming dollarlik mahsulot xorijlik hamkorlarga yetkazib berildi", – deydi qo‘shma korxona direktori Bahodir To‘laganov. 

Bo‘sh turgan davlat mulki obektlarining tadbirkorlarga bepul taqdim etilishi mulkdorlar safini kengaytirish, ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, pirovardida aholi bandligi va farovonligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mavzuga oid