Jahon | 10:54 / 27.09.2016
10251
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniya AQShdan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazishi mumkin

Amerikaning "Yes California!" harakati shtatning AQShdan ajralib chiqish masalasi bo‘yicha referendum tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Mazkur harakat yetakchisi Luis Marinelli Moskvada bo‘lib o‘tgan "Millatlar muloqoti" forumi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qildi.  

"Kampaniyamiz dastavval nimadan boshlandi? Biz AQShning agressiv tashqi siyosatida ishtirok etish o‘rniga mustaqil mamlakat sifatida yashay olishimiz, mudofaa xarajatlarini qisqartirib, Kaliforniya aholisining turmush tarzini yaxshilashimiz mumkinligi to‘g‘risidagi ma'lumotdan boshlandi. Biz kaliforniyaliklar bilan muloqot qilamiz, xabarlashamiz va ular bunga juda yaxshi munosabat bildirishadi", - dedi Marinelli. 

"Yes California!" harakati yetakchisi bunday referendumni o‘tkazish uchun yetarlicha imzo to‘plash kerakligini ta'kidladi. 

25 sentabrda Rossiya poytaxtida "Millatlar muloqoti. Xalqlarning o‘z yo‘lini belgilash huquqi va ko‘p qutbli dunyoning barpo etilishi" II Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun dunyoning turli burchaklari - Kataloniya, Texas, Kaliforniya va boshqa ko‘plab mintaqalardan milliy ozodlik harakati vakillari tashrif buyurishdi. 

Mavzuga oid