Shimon Peres vafoti: U barchasi tugagach, organlaridan foydalanishlariga rozi bo‘lgan
«Shiba» shifoxonasi tibbiy xodimlari Isroilning sobiq prezidenti Shimon Peresning o‘limoldi og‘riqlarini, azoblarini yengillashtirish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishdi. Lekin Peres 28 sentabr kuni, 93 yoshida olamdan o‘tdi. 2 hafta oldin unda insult qayd etilgandi.
Siyosatchining o‘zi ko‘ngilli ravishda o‘limidan so‘ng organlaridan donorlik maqsadlarida foydalanishga ruxsat bergan. Bu haqda uning shaxsiy shifokori Rafi Valdman ma'lum qildi.
«Shimon Peres bizni azob-uqubatlarsiz tark etdi. «Shiba» klinikasining ajoyib shifokorlari to so‘nggi daqiqaga qadar uning hayotini saqlab qolish uchun kurashishdi va u hayotdan azob-uqubatsiz ko‘z yumishi uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishdi», — dedi Peresning kuyovi ham hisoblanadigan shaxsiy shifokori Rafi Valdman.
Uning qo‘shimcha qilishicha, sobiq prezidentning xohish-irodasiga ko‘ra, qarindoshlari uning ko‘z gavharini transplantatsiya (davolash maqsadida organizmning bir joyini yoki bir qismini kesib olib boshqa joyga o‘rnatish) orqali muhtoj bemorga o‘tkazilishiga rozi bo‘lishgan.
Peresning vafoti munosabati bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Barak Obama o‘z hamdardliklarini bildirishdi.
Amerika yetakchisi vafot etgan siyosatchini o‘zining do‘sti va “insoniyat yo‘lini o‘zgartirishga qodir” kishi sifatida e'tirof etgan.
Isroil prezidenti Ravvin Rivlin Ukrainaga tashrifini muddatidan oldin to‘xtatib, Isroilga qaytgan.
Isroil hukumati 28 sentabr, mahalliy vaqt bilan soat 10:00da siyosatchini so‘nggi yo‘lga kuzatish tadbirini tashkillashtirish maqsadida maxsus majlis chaqirtirdi. Haaretz nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, dafn etish marosimi 30 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
1923 yilning 2 avgustida o‘sha paytda Polshaning Novogrud voyevodaligidagi Vishnyavasi (hozirgi Belarusning Minsk viloyati)da tug‘ilgan Shimon Peres Isroil davlatining eng so‘nggi asoschilaridan biri, uning harbiy-sanoat majmuasi va yadroviy dasturi yaratuvchisi hamda Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni me'mori hisoblanardi. Otasi yog‘och materiallar sotib olish bilan shug‘ullangan, onasi esa rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan. 1934 yilda Peresning oilasi Falastinga ko‘chib o‘tgan.
Peres 1984 yildan 1986 yilgacha Isroilning to‘qqizinchi, 1995 yildan 1996 yilgacha o‘n ikkinchi bosh vaziri, 2007 yildan 2014 yilgacha prezidenti bo‘lgan. 12ta hukumatda turli vazirliklar rahbarlari lavozimlarini egallagan. Faoliyati 70 yil davom etgan, Isroilning eng keksa siyosatchisi va davlat arbobi.
Peres 1994 yilda Yosir Arofat va Itsxak Rabin bilan birga tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
Mavzuga oid
14:07
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
00:02 / 22.12.2024