10:19 / 30.09.2016
5775

Nufuzli USA Today nashri Tramp uchun ovoz bermaslikka chaqirdi

Adadi 7 million nusxa bo‘lgan, Amerikaning umummilliy nashrlaridan biri hisoblanmish USA Today gazetasi o‘z o‘quvchilarini mamlakat prezidentligi uchun saylovda respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp uchun ovoz bermaslikka chaqirdi.

Qayd etish kerakki, AQSh saylovlarida nufuzli nashrlarning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

USA Today nashrining tahririyati maqolasida Tramp qattiq tanqid qilingan.

"Tahririyatning yakdil fikriga ko‘ra, Tramp AQSh prezidentligi uchun munosib emas", deyiladi maqolada.

"Tramp bir necha marta namoyish qildiki, unda Amerika prezidenti uchun kerak bo‘ladigan temperament (mijoz), bilimlar, qat'iyat va halollik yo‘q", deya yozgan gazeta.

Xususan, Tramp AQShning NATOdagi vazifa va majburiyatlarga amal qilmoqchi emasligi, "Rossiya agressiyasi"ga qarshi kurashmoqchi emasligi uchun ayblangan.

Bundan tashqari, gazetadagilar Tramp turli masalalardagi pozitsiyasini doimiy ravishda o‘zgartirib borishiga diqqatni tortgan. U mamlakatning birinchi qo‘mondoni bo‘lishga yaramasligi, o‘zini biznesmen sifatida ham yaxshi ko‘rsata olmagani, o‘z tiliga ehtiyot bo‘lmasligi va yolg‘onlardan doimiy ravishda foydalanishi ta'kidlab o‘tilgan.

USA Today Trampni siyosiy layoqatsizlikda ayblagan.

"U avvalboshdan o‘z saylovoldi kampaniyasini toqatsizlik va nafrat asosiga qurdi. U meksikaliklar, musulmonlar va muhojirlarga salbiy munosabatini yashirib o‘tirmadi", deya hisoblaydi nashr. Bundan tashqari, jurnalistlar uni rasizm va mizoginlikda (ayollarni xush ko‘rmaslik) ayblaydi. Uning Barak Obama AQShda tug‘ilmagani va prezident bo‘lishga haqli bo‘lmaganini aytish orqali, o‘z toqatsizligini namoyish etgani eslab o‘tilgan.

Amerikaning bu nufuzli nashri Trampni butunlay inkor qilar ekan, kamchiliklardan xoli bo‘lmasada, Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton uchun ovoz berishga chaqirgan.

Top