08:42 / 18.10.2016
7961

AQShda savdodan masxaraboz niqoblari olina boshlandi

Foto: SWNS

AQShda Xellouin bayrami oldidan internet orqali masxaraboz niqoblari va kiyimlari sotilishi to‘xtatildi. Mashable nashrining ma'lum qilishicha, bu chora oxirgi mahal masxaraboz kiyimlarida odamlarni qo‘rqitish ommalashgani sababli amalga oshirilmoqda. 

Bunday chorani Target kompaniyasi rahbariyati qabul qilishga qaror qildi. "Joriy vaziyatni hisobga olgan holda, biz o‘z assortimentimizdan turli masxaraboz niqoblarini ham peshtaxtalarimizdan, ham internetdan olib tashlashga qaror qildik", deb aytdi kompaniya vakili Joshua Tomas.

Onlayn-do‘konlardan bunday niqoblar va kiyimlar o‘tgan haftada olina boshlangan. Endilikda Target’ga tegishli saytlardan "Quvnoq masxarabozning lateks niqobi" va "Kattalar uchun masxaraboz niqobi" kabi mahsulotlar olib tashlandi. 

Nashrning ta'kidlashicha, ba'zi "qo‘rqinchli bo‘lmagan" masxaraboz niqoblari hali ham sotuvda bor. 

Masxaraboz kiyimidagi noma'lum kimsalar AQSh va Buyuk Britaniyada avgust oyi oxiridan paydo bo‘la boshlagan. Bunday kiyimdagi noma'lum kimsalar bolalarni pul bilan aldab, o‘rmonga olib ketmoqchi bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari masxaraboz kiyimidagi jinoyatchilar hujum qilgan joylar belgilangan maxsus xaritani ham yaratishdi.

AQShda bunday "hazillar" uchun 12 kishi hibsga olindi. Tasdiqlanmagan ma'lumotga ko‘ra, masxarabozlarning ko‘payishi, misol uchun yozuvchi Stiven Kingning "U" deb nomlangan romani asosida yaratilgan dahshat filmining reklama kampaniyasi bo‘lishi ham mumkin.

Oxirgi bunday jiddiy hujumlardan biri Shvetsiyada sodir bo‘ldi. U yerda masxaraboz kiyimidagi kimsa 19 yoshli yigitni pichoq bilan yelkasidan yaralagan.

Eslatib o‘tamiz, AQShda Barcha avliyolar kuni – Xellouin bayrami 31 oktabrda nishonlanadi.  

Top