Jamiyat | 22:54 / 26.10.2016
10585
2 daqiqa o‘qiladi

ABBA guruhi yana birlashishga qaror qildi

Foto: Daypic.ru

ABBA shved pop-guruhining 4 nafar a'zosi – Agneta Feltskog, Born Ulveus, Benni Andersson va Anni-Frid Lingstad yangi raqamli ko‘ngilochar loyihaga tayyorgarlik ko‘rish uchun birlashishga qaror qilishdi. Bu haqda xorijiy OAV xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, loyiha o‘zida virtual reallik va sun'iy ongni mujassamlashtiradi. Shou prodyuseri Spice Girls guruhining sobiq menejyeri Saymon Fuller bo‘ladi.

"Biz avval o‘zimizga tasavvur qilmagan, ko‘ngilxushlikning yangi ko‘rinishlarini yaratishga imkon beradigan yangi texnologik olamni o‘rganmoqdamiz", deb aytildi Fuller xabarida. 

Guruh a'zolaridan biri Anni-Frid Lingstadning aytishicha, guruh muxlislari anchadan beri musiqachilarning birlashishi imkoni haqida so‘rab kelishmoqda.

"Umid qilamanki, ABBAning yangi loyihasi men kabi ularni ham qiziqtiradi", deb aytdi qo‘shiqchi.

Yangi shouning tafsilotlari keyingi yilda ma'lum bo‘ladi.

ABBA guruhi 1972 yilda tashkil topgan va 1982 yilda tarqab ketgan. 10 yil davomida guruh 8 ta albom chiqargan va Skandinaviyaning eng muvaffaqiyatli pop-guruhi bo‘lgan: guruhning albomlarining umumiy nuxasi 350 mln donadan oshib ketgan.

Guruh tarqab ketgandan keyin ular bir martagina – 2016 yil iyunida Ulveus va Andersson ijodiy hamkorligi boshlanishining 50 yillik sharafiga birlashishgandi.