O‘zbekiston | 22:25 / 26.10.2016
38463
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atambayev o‘zaro muloqot chog‘ida chegaralarni delimitatsiya qilish xususida so‘zlashdi

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati (arxiv)

26 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasida Qirg‘iziston tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari to‘g‘risida atroflicha fikr almashib, o‘zaro munosabatlarning bir qator asosiy yo‘nalishlarida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida qayd etdilar.

Muloqot chog‘ida ta'kidlanganidek, Farg‘ona vodiysining chegaradosh viloyatlari rahbarlari va keng jamoatchiligi ishtirokida Andijon va O‘sh shaharlarida o‘tgan O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonning nufuzli delegatsiyalari uchrashuvlari ko‘p asrlik an'anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmat muhitini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atambayev O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki mamlakat vakolatli organlari birgalikda olib borayotgan ishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishidan tomonlar birdek manfaatdor ekanini ta'kidladilar.

Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan qator mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida bundan buyon ham turli darajadagi o‘zaro aloqalarni davom ettirish va rag‘batlantirishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid