08:10 / 05.11.2016
29160

Shavkat Mirziyoyev Navoiy va Buxoro viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Q.G‘aniyev ochdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur'atlarini ta'minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta'minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta'minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan. 

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Navoiy shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.  

Viloyatning bir qator fayxriylari, turli sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan faollari va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdilar. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotgani qayd etildi. Saylovchilar 4 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirildilar.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni shuningdek Buxoro viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi F.Aminov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qildi.

Dasturda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, xususiy mulk va tadbirkorlik sohasini keng rivojlantirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi bandligini ta'minlash, hayot sifati va darajasini izchil yuksaltirish, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish kabi muhim masalalarga alohida e'tibor qaratilgan.

Dasturda mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilish nazarda tutilgan. Sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, turistlar uchun viza berish va ro‘yxatga olish tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi sayyohlik marshrutlarini yaratish, turizm infratuzilmasining izchil rivojlanishini ta'minlash, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish zarurligi qayd etilgan. 

Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

 

Mavzuga oid
Top