“Hokimiyat o‘tkazilishi izchillik va barqarorlik sharoitlarida amalga oshirilmoqda. Jamiyatda bunga ishonch kuchlidir”, – YeXHT DIIHB missiyasi kuzatuvchilarining xulosasi shunday.
Joriy yilning 24 noyabr kuni YeXHT DIIHBning rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha YeXHT DIIHB missiyasining oraliq xisoboti chop etildi.
Hisobot joriy yilning 2 noyabridan 20 noyabrigacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish yakunlari bo‘yicha tayyorlandi.
Eslatib o‘tamiz, YeXHT DIIHB missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan joriy yilning 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Markaziy saylov komissiyasi taklifi saylov kampaniyasi boshlanishi e'lon qilinishi bilan darhol yuborilgan edi. YeXHT DIIHB bilan kuzatish formatidagi hamkorlik an'anaga aylanib ulgurgan. Ushbu tashkilot missiyalari 1999 yildan buyon O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarini kuzatishda ishtirok etib kelmoqda. Bu galgi saylovda YeXHT DIIHBning to‘liq missiyasi faoliyat yuritmoqda. Missiya asosiy guruhi bilan birga uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilaridan iboratdir.
Bunday qaror O‘zbekistonning saylovni umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq ochiq-oshkora o‘tkazishga tayyorligi bilan izohlanadi. Bu haqda O‘zbekistonda 11 oktabrdan 14 oktabrgacha bo‘lgan davrdagi saylovoldi holatini baholash yakunlari bo‘yicha YeXHT DIIHB hisobotida ma'lum qilindi.
Chop etilgan oraliq hisobot vazminlik ruhida tayyorlab yozilgan. YeXHT DIIHB ekspertlarining O‘zbekistondagi saylov jarayoniga har tomonlama va xolis baho berishga bo‘lgan intilishi sezilib turibdi.
Biroq ikki yarim haftalik bunday qisqa muddatda yuzaki xulosaning oldini olish va O‘zbekistonda yuz berayotgan jarayonlarni his etish mumkinmi? Nima bo‘lganda ham ekspertlar O‘zbekiston saylov tizimini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladigan shart-sharoitlarni tahlil qilishga uringanlar.
Ular shunday xulosaga keldilar.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat shakllangan bo‘lib, saylov mamlakat Konstitutsiyasiga va qonunlariga qat'iy muvofiq tarzda milliy davlatchilik xususiyatlarini har tomonlama hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda.
YeXHT DIIHB ekspertlari O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat ekanligini, mamlakatda barcha fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlardan va erkinliklardan teng hamda kamsitishsiz foydalanayotganini ta'kidlamoqda.
















