O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rahbari Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylov uchastkalari ovoz berish jarayonini o‘tkazishga 100 foiz tayyorligini qayd etdi. 

"Biz ovoz berishni o‘tkazishga yuz foiz tayyormiz, - dedi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov. – Umid qilamizki, birinchi Prezident Islom Karimov vafotidan keyingi saylovlar ham oshkora va shaffof, demokratik tamoyillarga mos ravishda bo‘lib o‘tadi". "Mehmonlar esa milliy an'analarimizga guvoh bo‘lishlari ham mumkin", - deb qo‘shimcha qilgan MSK raisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi respublikada faoliyat yurituvchi to‘rtala siyosiy partiya tomonidan davlat rahbarligi uchun ilgari surilgan nomzodlarni ro‘yxatga oldi. 

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengash raisi, sotsiolog, iqtisodchi, Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Sarvar Otamuratovni prezidentlikka nomzod sifatida taqdim etdi. 

O‘zbekistonning hukmron O‘zLiDeP – tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi davlat rahbari vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni ilgari surdi. Texnika fanlari nomzodi 2003 yildan buyon hukumatni boshqarib keladi. 

"Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan ijroiya qo‘mita raisi Narimon Umarov prezidentlik uchun kurashda yana bir bor o‘z kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. U 2015 yilgi prezidentlik saylovida ham nomzod sifatida ishtirok etgan edi. 

O‘zbekistondagi eng keksa siyosiy harakat – Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengash raisi Xatamjon Ketmonovni ilgari surdi. Aytish joizki, xalq ta'limi tizimi va Andijon viloyati hokimligida ishlagan Ketmonovning ham prezidentlik uchun kurashda tajribasi bor. Ketmonov 2015 yilgi prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashgan edi. 

Saylovda ikkinchi tur bo‘ladimi?

Saylovlarda ikkinchi tur bo‘lishi ehtimoli juda ham kam. To‘rttala nomzod saylovoldi qarorgohidagilarning barchasi deyarli shunday fikrda. Ammo, respublika saylov qonunchiligida ikkinchi turni o‘tkazish holatlari e'tibordan chetda qolmagan. Unga ko‘ra, nomzodlarning hech biri 50 foizlik ovozni to‘play olmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi. Bunda, har qanday yuqori natija hisobga olinadi va umumiy saylovchilarning  33 foizi qatnashsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. 

MSK bu yilgi ijtimoiy jarayonda bir kishining boshqa oila a'zolari uchun ovoz berish amaliyotiga qat'iy chek qo‘yish istagini namoyon etmoqda. Abdusalomovning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish ishlariga jiddiy e'tibor qaratilgan.