O‘zbekiston | 10:38 / 15.12.2016
38650
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatni modernizatsiya qilish va jamiyatni isloh etishdagi 3 vazifani sanab o‘tdi

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida oldinda turgan vazifalar haqida gapirdi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari! 

Mamlakatimiz Asosiy qonunining 78-moddasiga muvofiq, mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirishni ta'minlashda muhim o‘rin va javobgarlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga yuklangan. 

Buning uchun uchta vazifani amalga oshirish zarur. 

Birinchi vazifa – 2016 yil 7 dekabrdagi tantanali majlisda belgilab berilgan topshiriqlarning aniq bajarilishini ta'minlash kerak. 

Xabaringiz bor, men Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘sha yig‘ilishda deputatlar va senatorlarga bir taklif bilan murojaat qilgan edim. Ya'ni, parlament va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni taklif etgan edim. 

Buning uchun har qaysi viloyatdan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini puxta o‘rganib, tahlil qilishi hamda tegishli xulosa berishlari lozim bo‘ladi. Shu asosda hurmatli Spiker va Senat Raisi joylarda o‘zlari bosh bo‘lib, mahalliy kengashlarda ana shunday muhokamalar o‘tkazish tizimi joriy etilsa, bu ishlar ertaga albatta o‘zining ijobiy samarasini beradi. 

Ikkinchi vazifa – «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning amaldagi ijrosini barcha sohalarda monitoring qilish, shuningdek, bu borada xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish zarur. 

Shuning uchun kecha Oliy Majlis Senati yig‘ilishida muhim bir masala muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi. 

Ma'lumki, mamlakatimizning chet davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash va xorijda respublikamizning iqtisodiy imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish orqali uning xalqaro nufuzini yanada oshirish, investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish, turizm sohasini yanada rivojlantirish iqtisodiy sohadagi ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. 

Shu bois Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralarining bu yo‘nalishlardagi faoliyati ustidan samarali parlament nazorati tizimini yaratish maqsadida Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va bundan buyon Senatning tegishli qo‘mitasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. 

Uchinchi vazifaning ahamiyati va muhimligini alohida ta'kidlamoqchiman – qonun talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq har bir holat yuzasidan aniq huquqiy ta'sir choralarini ko‘rish kerak. 

Joylardagi davlat hokimiyati organlari – barcha darajadagi hokimliklar, xalq deputatlari kengashlari faoliyatini takomillashtirishni davom ettirishimiz zarur. Shuning uchun Oliy Majlis Senati tomonidan har bir viloyatda navbatma-navbat namunaviy xalq deputatlari kengashlari ishini tashkil etish tajribasi joriy etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ularning asosiy maqsadi va vazifasi – aholining barcha toifalari bilan doimiy muloqotda bo‘lish, fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlarini nafaqat o‘rganish, balki ularni ta'minlashdan iborat. 

Mavjud muammolarni amalda hal etish, shuningdek, aholi uchun erkin mehnat qilish, mazmunli dam olish va munosib turmush darajasini ta'minlash bo‘yicha har tomonlama qulay sharoitlar yaratish lozim. Aynan ana shu mezonlardan kelib chiqib, mahalliy hokimiyat organlarining mamlakatimiz Konstitutsiyasining 100- va 101-moddalari talablarini bajarish bo‘yicha faoliyati samaradorligi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin va zarur. Shuning uchun ham 2017 yil yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinganini alohida ta'kidlab aytmoqchiman. 

Mavzuga oid