Video: Samarqandda eshak go‘shtidan taom tayyorlab sotilgan bo‘lishi mumkin
Samarqandda so‘nggi paytlarda eshaklar bilan bog‘liq bir qancha mish-mishlar avj oldi. Bu holatga xalq orasida “eshaklar qabristoni” haqida gap-so‘zlar tarqalgani ayniqsa ta'sir ko‘rsatdi.
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, 2016 yilning 5 dekabr kuni viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand shahri “Ozod Sharq” ko‘chasi 37-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro R.Tedeyev murojaat qilib, Samarqand shahri Xishrav qo‘rg‘oni hududida joylashgan shahar tashqarisidagi markaziy chiqindixona yaqinidagi suv akvatoriyasida ommaviy tarzda yirik shoxli hayvonlarning jasadlari va turli qoldiqlari tashlab yuborilganligini hamda mazkur holat o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning epidemiyasiga olib kelishi mumkinligini bayon etgan.
Mazkur holat joriy yil 6 dekabrida jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning feysbukdagi sahifasida ham yoritilgan.
Murojaat yuzasidan viloyat hokimi boshchiligida DSENM bosh vrachi, tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi, veterinariya, favqulodda vaziyatlar, yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari, Samarqand tumani hokimi hamda masalaga aloqador tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida voqea joyi borib o‘rganildi. Bu yerda ko‘p miqdorda eshak jasadlari, suyaklari hamda ular atrofida daydi itlar, mushuklar va yovvoyi qushlar borligi aniqlandi.
Bundan tashqari, suv havzasi yaqinida qo‘lbola usulda loydan uylar va turli binolar qurilgan bo‘lib, suyaklarni kuydirish uchun mo‘ljallangan qo‘lbola pech, suyak maydalovchi yasama tegirmon borligi kuzatildi.
Hududdagi nobarqaror sanitar-epidemiologik holatni yaxshilash hamda aholi va hayvonlar o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning ommaviy ravishda tarqalib ketishining oldini olish maqsadida viloyat hokimi raisligida masalaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Samarqand shahri Xishrav qo‘rg‘oni hududida joylashgan shahar tashqarisidagi markaziy chiqindixona yaqinidagi suv akvatoriyasidagi holat atroflicha muhokama qilinib, yuzaga kelgan nobarqaror sanitar-gigiyenik vaziyatning sodir etilishiga yo‘l qo‘yganligi va ushbu holatni oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganligi uchun tegishli viloyat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. Shuningdek, ularga tuman bo‘limi rahbarlarini egallab turgan lavozimida qolish-qolmasligi masalasini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilish qaroriga asosan shuningdek, chiqindixona yaqinidagi suv akvatoriyasida yuzaga kelgan nobarqaror sanitar-gigiyenik vaziyatni qayta o‘rganib chiqish va tegishli tartibda rasmiylashtirish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tashkil qilindi. Natijada Xishrav qo‘rg‘onidagi suv akvatoriyasi va uning atrofida to‘planib qolgan hayvonlar jasadlari va suyak qoldiqlari veterinariya-sanitariya me'yori talablari asosida utilizatsiya qilindi. Akvatoriyadagi suv chuqur laboratoriya tahlilidan o‘tkazilib, atrofda dezinfeksiya va zararsizlantirish ishlari olib borildi. Hududni barcha noqonuniy qurilma va bino inshootlardan tozalash hamda kelgusida aniq shaxsga ijaraga berib, obodonlashtirish reja-tadbiri tasdiqlandi.
Ma'lum qilinishicha, ishchi guruhi viloyatdagi barcha suv havzalari, shahar chiqindixonasi atrofini xatlovdan o‘tkazib, fuqarolar tomonidan amalga oshirilayotgan noqonuniy xatti-harakatlarga barham berish choralarini ko‘rmoqda.
Xabarda aytilishicha, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Xishrav qo‘rg‘onidagi suv akvatoriyasi va uning atrofida holatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida surishtiruv ishlari olib borilib, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilmoqda. Hududda jamoat tartibi va “pasport-viza” rejimiga rioya etilishini nazorat qiluvchi doimiy guruh faoliyat olib borayapti.
Ushbu videoda bu hududda jonivorlar go‘shti qayta ishlanib, mahsulotlar, xususan kolbasa mahsulotlari tayyorlashda foydalanilgan uskunalar topilgani ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024