Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallamga behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin!

Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga ikki oyog‘i orasidagi narsaning va ikki jag‘i orasidagi narsaning kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman», dedilar».

Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.

Insonning jannatiy bo‘lishi uchun sabablar ko‘p bo‘lib, ulardan biri insonning ikkita a'zosini Alloh harom qilgan narsadan saqlay olsa, kimki ular borasida taqvo qila olsa, shu ikki a'zoni gunohu kabira bilan buzib qo‘ymasa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu insonni jannatiy bo‘lmoqligiga kafolat bermoqdalar.

Bir tarafdan olib qaraganimizda o‘ta qiyin holatdek tuyulishi mumkin, lekin boshqa tarafdan esa, buning evaziga abadiy jannat berilishini tasavvur qilsak, bu ikkisi o‘ta oson ishdir. Chunki bizlar uchun eng katta va qiyin ishlar – katta mablag‘larni talab qiladigan yoki o‘ta katta jismoniy harakatlarni, qudratli imkoniyatlarni talab qiladigan ishlar bo‘ladi.

Bu ikkalasida esa bunday qiyinchiliklar yo‘q. Aksincha, bu ikki a'zoni saqlashda tejamkorlik, mo‘'tadillik va yaxshilik bor.

Shu ikkala a'zoni Alloh harom qilgan narsalardan asrashning imkoniyati barchalarimizda bor ekanligiga qaramasdan, bu illat xozirgi kunda aksar odamlar mubtalo bo‘lgan kasallikka aylanib, o‘sha a'zolarni haromdan saqlay olishning o‘zi katta muammo bo‘lib qolgan.

Jumladan, ikki jag‘ning orasidagi tilni saqlashlik eng dolzarb masalaga aylanib, bu ancha mushkuldir. Chunki bu tildan bitta emas, beshta emas, o‘nta emas, balki undan ham ko‘proq jinoyatlar sodir etiladi. Tilga ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, har bir lahzada jinoyat sodir etib qo‘yishi mumkin.

Agar shu hadisi sharifga amal qilinsa, mo‘min-musulmonlar ichida fitna ham, fasod ham bo‘lmaydi, yolg‘on, bo‘hton, tuhmat va boshqa hamma ishlarga umuman barham beriladi. Hozirgi kundagi asosiy janjallar, kelishmovchiliklar, qon to‘kishliklar, fitna-fasodlar, firqavozlik, guruhvozlik, musulmon bo‘lib turib bir-birini o‘ldirish, adovat ko‘rsatib bir-biriga qarshi rejalar tuzish, hattoki o‘ldirishdan rohatlanish, o‘ldirish uchun qancha-qancha mablag‘ va kuch-quvvatini sarflash – bularning barchasi shu tilning orqasidan kelmoqda. Chunki bu til yolg‘on gapirib qo‘yadi, tuhmat qiladi, kimnidir kofirga yoki fosiqga chiqaradi va hokazo. Til bir so‘zni aytganidan keyin shu so‘zni amalga oshiraman deb, inson qanchadan-qancha gunohu ma'siyatlarga botadi.