19:17 / 21.12.2016
9151

Xakerlar samolyot ko‘ngilochar tizimi orqali havo layneri nazoratini qo‘lga olishlari mumkin

IOActive mutaxassislari jahonning 13ta yirik aviakompaniyalarining samolyotlaridagi ko‘ngilochar tizimlari xavfsizligida nuqsonlar borligini aniqlashdi. Emirates, Virgin Atlantic va Qatar Airways kabi aviakompaniyalar havo laynerlariga o‘rnatilgan Panasonic Avionics tizimidagi nosozlik g‘arazgo‘ylarga nafaqat yopiq ma'lumotlarni olish, balki parvoz vaqtida samolyot nazoratini tizginiga olish imkonini beradi. 

Yaponiyaning Panasonic Avionics tomonidan ishlab chiqilgan platforma yo‘lovchilar o‘rindig‘ining ortidagi ko‘ngilochar tizimlarda qo‘llaniladi. Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Ruben Santamartaning aytishicha, u Varshavadan Dubayga parvozi chog‘ida ko‘ngilochar qurilma ekranidan bevosita nosozliklarni tuzatish kodini olishga muvaffaq bo‘lib, aviakompaniyaning doimiy mijozlari haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritgan, bundan tashqari, xabarlar va ogohlantirishlarni o‘qiy olgan. Albatta, uning rejasida samolyot boshqaruvini qo‘lga olish bo‘lmagan, ammo, buni hohlaganida bemalol bu ishni ham bajarishi mumkin edi. Shu boisdan, IOActive xodimlari Panasonic tizimlarining nuqsonlari haqida ma'lum qilishga qaror qilgan, biroq, kompaniya bunga qarshi choralar qo‘llagani hozircha, noma'lum. 

Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning alohida uqdirishlaricha, bort va ko‘ngilochar tizimlar dasturlarini ishlab chiqaruvchilar o‘ta e'tiborli bo‘lishlari va dasturiy ta'minotlarni doimiy ravishda yangilab turishlari lozim. Chunki, yetarli malakaga ega har qanday xaker samolyot bortidan kiberhujumni amalga oshira oladi. Shunga ko‘ra, havo kemasi bortidagi ko‘ngilochar tizimni alohida qilish haqida o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

 

Top