“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi virtual qabulxonasi ishga tushdi
Aholiga yanada qulayliklar yaratish hamda odamlar bilan yaqindan muloqot qilish maqsadida «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi rasmiy veb-sayti modernizatsiya qilinib, unda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish uchun xolding kompaniya rahbariyatining virtual qabulxonasi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi saytida ochilgan virtual qabulxona aholi uchun talay qulayliklarga ega.
Aholi kompaniyaga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar, yangi kichik biznes sub'yektlarini tashkil etish, qishloq xo‘jalik sub'yektlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish masalalari, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ariza va shikoyatlar, oziq-ovqat sohasini yanada rivojlantirishga doir takliflar bilan murojaat qilmoqda.
Foydalanuvchilar www.oziq-ovqat.uz manziliga kirib, maxsus shaklni to‘ldirish orqali «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi boshqaruv raisiga o‘z arizalari, shikoyatlari va takliflarini taqdim etishi mumkin. Buning uchun elektron raqamli imzo talab qilinmaydi. Kompaniyaning (0 371) 255-52-23 raqamli “ishonch telefoni” hamda elektron pochta manziliga ham murojaat qilish mumkin.