Antoniu Guterrish 2017 yilning birinchi kunidan rasman BMT bosh kotibi sifatida ish boshladi. U janubiy koreyalik Pan Gi Munning o‘rnini egalladi.
Tashkilot tarixida sanoq bo‘yicha to‘qqizinchi bosh kotib bungacha G‘arbiy Yevropa vakili, Portugaliyaning sobiq bosh vaziri va qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissar sifatida faoliyat yuritgan.
Guterrish BMTga yangicha hayot baxsh etishi kutilmoqda. U shu yil davomida bir necha bosqichda o‘tkazilgan saylov yakunida 12 raqobatchisini ortda qoldirib g‘olib bo‘ldi. U Sloveniyaning sobiq prezidenti Danilo Tyurkni biroz ortda qoldirdi. Saylovdagi nomzodlarning 7 nafari ayol kishi edi.
Ma'lumot uchun, bosh kotibni Xavfsizlik kengashi a'zolari saylaydi. Uning doimiy a'zolari (Rossiya, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Xitoy) nomzodga taqiq qo‘yish huquqiga ega, biroq o‘z davlatlaridan da'vogarni taqdim etolmaydi. Yakuniy qaror BMT Bosh assambleyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Antoniu Manuel de Oliveyra Guterrish 1949 yilda Lissabonda tavallud topgan. U Oliy texnika institutida muhandislik ishi va fizikani o‘rgangan.
U 1971 yilda oliy ta'lim muassasasini tugallab, katta o‘qituvchi lavozimida akademik karerasini boshlagan.
1974 yilda taqvodor katolik Guterrish Sotsialistik partiyaga a'zo bo‘lgan va tez orada o‘zini butkul siyosatga bag‘ishlashga qaror qilgan.











