Jamiyat | 17:07 / 06.10.2016
24768
3 daqiqa o‘qiladi

BMT yangi bosh kotibi Antoniu Guterrish haqida nimalarni bilasiz?

Foto: Reuters

BMT yangi bosh kotibi lavozimiga tayinlangan diplomat - Sharqiy Yevropa vakili ham, ko‘pchilik kutganidek, ayol kishi ham emas. VVS nashri BMTning yangi bosh kotibi haqida ma'lumot berdi. 

Antoniu Guterrish - G‘arbiy Yevropa vakili, Portugaliyaning sobiq bosh vaziri va qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissar. 

Yangi bosh kotibning ish yuritish usuli bilan yaxshi tanish bo‘lgan insayderlarning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish BMTga yangicha hayot baxsh etishi mumkin, tashkilot uchun esa bu ayni muddao. 

Keng omma kelasi yilning yanvar oyidan ishga kirishadigan BMT yangi bosh kotibi haqida yetarlicha ma'lumotga ega emas. 

Antoniu Manuel de Oliveyra Guterrish 1949 yilda Lissabonda tavallud topgan. U Oliy texnika institutida muhandislik ishi va fizikani o‘rgangan. 

U 1971 yilda oliy ta'lim muassasasini tugallab, katta o‘qituvchi lavozimida akademik karerasini boshlagan. 

1974 yilda taqvodor katolik Guterrish Sotsialistik partiyaga a'zo bo‘lgan va tez orada o‘zini butkul siyosatga bag‘ishlashga qaror qilgan. 

Sotsialistlarning bosh kotibi lavozimida uch yil xizmat ko‘rsatgach, Antoniu Guterrish Portugaliyaning bosh vaziri etib saylangan. 

U hukumat rahbari lavozimida 2002 yilga qadar 7 yil faoliyat yuritdi.

2005 yilda portugal, ispan, ingliz va fransuz tillarida erkin suhbatlashuvchi Guterrish BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari lavozimini egalladi. 

Uning rahbarlik yillari davomida Jyeneva bosh qarorgohidagi amaldorlar soni qisqargan, shunday bo‘lsa-da, ekspertlarning ta'kidlashicha, agentlikning o‘z xodimlarini "qaynoq" nuqtalarga jo‘natib, xalqaro inqirozlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish xususiyati yaxshilangan. 

Qochqinlar masalasi bo‘yicha oliy komissar lavozimida faoliyat olib borgan Guterrish dunyoning rivojlangan va boy davlatlari hukumatlarini tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirgan. 

"Biz qochib kelayotgan odamlar oqimini ushlab turolmaymiz. Ular baribir kelishadi. Qochqinlarning kelishiga qanchalik tayyor bo‘lamiz, ularga nisbatan qanchalik insoniy munosabat bildiramiz - bugun bizning oldimizda turgan savollar mana shulardan iborat", - deb yozgan Gutterish o‘tgan yili Time jurnalida. 

Antoniu Guterrishning birinchi oilasidan ikki nafar farzandi bor, turmush o‘rtog‘i 1998 yilda saraton kasalligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. 2001 yilda u qayta oila qurgan, ikkinchi oilasida u turmush o‘rtog‘ining avvalgi nikohidan bo‘lgan o‘g‘lini o‘z tarbiyasiga olgan. 

Mavzuga oid