18:19 / 03.01.2017
58116

Markaziy Osiyo davlatlari milliy valyutalari qiymati 2016 yilda qanday o‘zgardi?

O‘tgan yil davomida o‘zbek so‘mi va tojik somoniysining AQSh dollariga nisbatan kursi pasayib bordi. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya milliy valyutalari esa dollarga nisbatan pozitsiyasini mustahkamlashgan.

O‘zbekiston

O‘zbekiston valyutasining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yilda 15 foizga pasaydi – o‘tgan yil boshidagi bir dollar uchun 2809 so‘mdan joriy yil avvalidagi 3239 so‘mga. Amerika valyutasiga nisbatan kurs yilning so‘nggi uch oyida sezilarli pasaydi.

Tojikiston

Tojikiston somoniysining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yilda 10,7 foizga tushib ketdi. Tojikiston valyutasi yilning birinchi ikki oyi davomida pasaygan: yanvarda somoniy dollarga nisbatan 10,4 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, fevralda – 0,3 foiz. Mamlakat milliy bankida yilning birinchi ikki oyi davomidagi bunday holat Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesi qiymatining keskin o‘zgarishi tufayli yuz berganini aytib o‘tishgan. So‘nggi 10 oyda esa somoniyning dollarga nisbatan kursi o‘zgarmadi.

Qirg‘iziston

Qirg‘iz somining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yilda 8,7 foizga oshdi. O‘tgan yil boshida bir dollar 75,8969 somga alishtirilgan bo‘lsa, joriy yil avvalida bu ko‘rsatkich – 69,2301 ni tashkil qildi. Som dollarga nisbatan asosan fevral, mart va aprel oylarida mustahkamlangan.

Turkmaniston

Turkmaniston manatining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yil davomida o‘zgarishsiz qolgan: bir dollar uchun 3,5 manat. Bu haqda Turkmaniston markaziy banki ma'lumotida xabar qilingan.

Qozog‘iston

Qozog‘iston tengesining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yilda 1,9 foizga o‘sdi – o‘tgan yilning 1 yanvarida 1 dollar uchun 340,01 tenge berilgan bo‘lsa, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich 333,29 tengeni tashkil qildi. Qozoq valyutasining dollarga nisbatan qiymati yanvarda keskin qadrsizlandi. Keyingi uch oy davomida esa u asta-sekin mustahkamlanib bordi. May-avgust oylarida esa teskari holat kuzatildi. Yil oxirigacha tengening dollarga nisbatan qiymati sekin-asta ko‘tarilib bordi.

Rossiya

Rossiya rublining dollarga nisbatan rasmiy kursi 2016 yilda 16,8 foizga o‘sdi. O‘tgan yilning boshida bir dollarga 72,9299 rubl berilgan bo‘lsa, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich – 60,6569 rublni tashkil etdi. Dollarning rublga nisbatan qiymati birinchi uch oyda asta-sekinlik bilan oshib bordi. Aprel va may oylarida rublning jiddiy mustahkamlanishi kuzatildi. Shundan so‘ng Rossiya valyutasining dollarga nisbatan kursi yil oxiriga qadar oshib bordi.

Top