O‘zbekistonda mobil operatorlar har bir abonent uchun 2000 so‘mdan to‘laydigan bo‘ldi
O‘zbekistonda 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab mobil aloqa (uyali aloqa kompaniyalari) xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan abonentlik raqamini ishlatish uchun to‘lov miqdori oyiga 2000 so‘m etib belgilandi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan bir qatorda, mablag‘larning 85 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga va 15 foizi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi qoshidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish Jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ular investitsion loyihalar va axborotlashtirish dasturlari hamda telekommunikatsion tarmoqlarni rivojlantirishda ishlatiladi.
To‘lov har bir abonentlik raqami uchun olinadi. Ularning soni esa oyning so‘nggi kunidagi holat bo‘yicha aniqlanadi.
Ma'lumot uchun, 2016 yilda abonentlik raqamini yuridik shaxslar tomonidan ishlatish uchun olinadigan to‘lov miqdori 1500 so‘mni tashkil qilgan.