Iqtisodiyot | 15:13 / 03.01.2017
27486
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

O‘zbekistonda «2017 - 2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.

Hujjatda 2017-2019 yillarda paxta tolasi va ipak xomashyosini chuqur qayta ishlash negizida tashqi bozorlarda talabgor bo‘ladigan tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish topshirig‘i belgilab berildi.

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, bu maqsadlar uchun 2,2 milliard dollardan ziyod mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning tijorat banklari bevosita ishtirok etadi. 

Dasturga muvofiq, kredit liniyalari doirasida tijorat banklari bilan birgalikda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:

tijorat banklari ustav kapitaliga, shu jumladan sho‘'ba investitsiya kompaniyalari orqali yoki modernizatsiya qilinayotgan yoxud yangidan tashkil etilayotgan korxonalarga qayta moliyalashtirilayotgan kreditlar berish orqali loyihalar moliyalashtiriladi;
qayta moliyalashtirish shartlarida loyihani amalga oshirishda tijorat bankining ishtiroki loyiha qiymatining ko‘pi bilan 75 foizini tashkil qiladi;
kredit liniyalari xorijiy valyutada beriladi, ularga xizmat ko‘rsatish va ularni to‘lash ham qayta moliyalashtiruvchi tijorat banklari hamda qarz olgan tashkilotlar tomonidan xuddi shu valyutada amalga oshiriladi;
investitsiya loyihalari «O‘zbekengilsanoat» AJning  Ilmiy-texnika kengashida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, ularni amalga oshirish doirasida tuziladigan import kontraktlari esa — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangidan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining TIA, texnika va texnologiyalarni ekspertizadan o‘tkazib baholash agentligida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

2017 yilning 1 yanvaridan quyidagilar eksportidan olingan xorijiy valyutadagi tushumning bir qismini vakolatli banklarga majburiy sotish bekor qilinadi: tayyor ip-gazlamalar, tayyor aralash gazlamalar, tayyor ipak gazlamalar (atlasdan tashqari), tayyor tikuv buyumlari, tayyor kiyimlar (tikuv, trikotaj buyumlari), bosh kiyimlar (milliy bosh kiyimlardan tashqari), paypoq buyumlari, to‘qimachilik attorlik buyumlari.

Korxonalarda hisobot davri yakunlari bo‘yicha umumiy sotish hajmida ko‘rsatilgan tovarlarni ishlab chiqarishdan tushgan tushumlar ulushi kamida 60 foizni tashkil etishi kerak.

Amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining yanada jadal rivojlanishi, shuningdek raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish assortimenti kengayishini ta'minlaydi. Shu bilan birga bunday yondashuv sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. 

Mavzuga oid