Jahon | 10:53 / 05.01.2017
38268
3 daqiqa o‘qiladi

Yahyo Mashrapov Turkiyadan ma'naviy zarar uchun tovon talab qilishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi

Turkiya politsiyasi tomonidan Istanbul terakti ijrochiligida gumon qilinib, so‘roq qilingan Qirg‘iziston fuqarosi Yahyo Mashrapov jurnalistlarga intervyu berdi.

«Men shunchaki dam olishni istayman. Bunday ruhiy zo‘riqishdan keyin o‘zingga kelishing uchun vaqt kerak bo‘ladi», deya tan olgan Yahyo Mashrapov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovdan keyin Turkiya politsiyasi undan uzr so‘ragan, uni Bishkekka kelganida qo‘lga olgan Qirg‘izistondagi maxsus xizmatlar xodimlari esa, u bilan «yaxshilab gaplashishgan». 

«24.kg» muxbiri savollariga javob berar ekan, Mashrapov Turkiya hukumatidan rasman uzr so‘rashni va bu xatodan keyin yetkazilgan ma'naviy zarar uchun tovon puli talab qilish niyatida emasligini, shunchaki dam olishni istayotgani haqida aytgan. 

«Men hozircha uydan chiqishni istamayapman. Hozircha O‘shda bo‘laman. Turkiyaga yaqin vaqtlar ichida bormoqchi emasman. Hammasi joyiga tushganidan xursandman. Bizning maxsus xizmatlar ham meni ortiq bezovta qilishmasligini bildirishdi», - deya qayd etgan Mashrapov.

1 yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubiga noma'lum shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan holda bostirib kirdi va odamlarni qirg‘in qildi. Ushbu hujum qurbonlari soni 39 nafar, yana 69 kishi jarohatlandi. Hujum vaqtida bino hududida 700-800 kishi bo‘lgan. Ular Yangi yil bayramini nishonlashayotgandi.

Terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.

1 yanvar kuni Turkiya politsiyasi ushbu hujumni O‘zbekiston yoki Qirg‘iziston fuqarosi amalga oshirgani bo‘lishi mumkinligi haqida aytdi.

Bundan oldinroq gumonlanuvchining Istanbul bo‘ylab kezib yurganida o‘zi tomonidan olingan video namoyish etilgandi.

Ko‘p o‘tmasdan bu terakt Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan 28 yoshli Yahyo Mashrapov tomonidan sodir etilgani haqida xabar tarqatildi.

Istanbul terakti ijrochiligida gumon qilingan shaxs intervyu berdi

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid