10:08 / 15.01.2017
6727

Robotlar o‘z harakatlari uchun javobgarlikka tortilishlari mumkin

Yevropa parlamenti deputatlari robotlarga "elektron shaxslar" huquqiy maqomini berish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni rejalashtirishmoqda. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda

Bundan tashqari, ushbu tashabbus robotlar tomonidan sodir etiluvchi harakatlar uchun ular zimmasiga javobgarlikni yuklash imkoniyatini ko‘zda tutadi. Hujjat mualliflarining ta'kidlashicha, robotlar avtonom ravishda harakat qilishni boshlayotgani sayin ularni "boshqa sub'yektlar qo‘lidagi qurolgina" deb hisoblash mushkullashib bormoqda.

"Javobgarlikning oddiy me'yorlari nosamarador bo‘lmoqda va qurilmalar o‘zlarining harakatlari yoki harakatsizliklari uchun qanday – to‘liq yoki qisman javobgarlikka tortilishi mumkinligini aniqlaydigan yangi me'yorlar yaratish zaruriyati paydo bo‘lmoqda", deyilgan hujjatda.

Tashabbus muallifi, Lyuksemburg sotsialistlari vakili Madi Delvo-Sterning aytishicha, robot, android va sun'iy ongning boshqa shakllarining tatbiq qilinishi sababli dunyoda "texnologik inqilob" yuz bermoqda va Yevropa Ittifoqi qurilmalarning ishini tartibga soluvchi asosiy axloqiy tamoyillar va huquqiy doiralarni o‘rnatishi lozim.

Robotlar bo‘yicha qonun loyihasi Yevropa parlamentining huquqiy masalalar qo‘mitasi tomonidan ma'qullandi va endi fevralda deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.  

Mavzuga oid
Top