20:07 / 16.01.2017
5314

Avstraliya Yaponiyaning Janubiy okeanda kitlarni ovlashda davom etayotganidan xafa

Foto: EPA

Avstraliya dushanba kuni Yaponiyaning Janubiy okeanda kit ovlashda davom etayotganidan "qattiq xafa" ekanini ma'lum qildi. Bunga kit ovlashga qarshi faollarning o‘lik kit suratini chop etgani sabab bo‘ldi. Avstraliya va Yaponiya yetakchilari bu masalani muhokama qilishdi. "Daily Sabah" nashri shu haqida xabar berdi. 

Avstraliya anchadan beri kit oviga qarshi chiqadi, bosh vazir Malkolm Ternbull va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe shanba kuni Sidneyda ana shu bahsli mavzu bo‘yicha muzokara o‘tkazishdi. 

"Avstraliya hukumati Yaponiyaning Janubiy okeanga qaytib, kitlarni "ilmiy" maqsadlarda ovlashga qaror qilganidan juda xafa", - dedi Avstraliyaning atrof-muhit masalalari bo‘yicha vaziri Josh Fraydenberg. 

"Kitlarni o‘rganish uchun ularni o‘ldirishga hojat yo‘q", - qo‘shimcha qildi Fraydenberg.

2014 yilda Avstraliya tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda Xalqaro sud Janubiy okeandagi kit ovlarini to‘xtatish kerakligi haqida qaror chiqargan edi. Bu Yaponiyani bir mavsum davomida ovni to‘xtatib turishiga sabab bo‘ldi, biroq 2015 yilda Yaponiya kit ovlashda davom ettirdi. 

Barcha shakldagi (tijorat va ilmiy maqsadda) kit oviga qarshilik qiluvchi Avstraliyaning Yaponiya masalasida xavotiri oshmoqda, - dedi Avstraliya tashqi ishlar vaziri Juli Bishop "Reuters" agentligiga.  

Yaponiya bu ovlar aksariyat kitlarga xavf tug‘dirmasligi, kit iste'mol qilish mamlakat madaniyatining bir qismi ekanini ta'kidlamoqda. Yaponiya 1987 yildan buyon  "kitlarni ilmiy o‘rganib" keladi.

Kit oviga qarshi chiquvchi Sea Shepherd guruhi yakshanba kuni Yaponiyaning Nisshin Maru kit ovlovchi kema palubasidagi o‘lik kit suratini chop etgandi. 

Top