09:41 / 24.01.2017
87299

O‘zbekistonlik yigit maktab bolalari uchun bilim olish startapini ishga tushirdi

Dono xalqimiz har kim savobli ishni har kuni qilishi kerak, deb bejiz aytishmagan. Ammo hayotiy tashvishlar sabab bunday ishlarni doim ham amalga oshiravermaymiz. Gohida esa, qandaydir bir tasodif bizni ana shu ezgu yo‘lga boshlaydi. 

eSchool.pro sayt startapining vujudga kelishi va bugungi kunda aholiga beminnat xizmat ko‘rsatayotgani ham gapimizning yaqqol tasdig‘idir. Ushbu loyiha asoschisi Sherzod Aripjonov shunday deydi: “Bu g‘oya ikki yarim yil oldin, jiyanim birinchi sinfga borayotganida kelgan edi. Jiyanim rus tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qirdi. Dasturchi bo‘lganim bois uning o‘qishlarda qiynalib qolmasligi uchun unga yordam berdim va shu onlayn platformani ishga tushirdim”.

Bugungi kunga kelib bu xayrli maqsad ko‘lami yanada kengaydi. Hozirgi kunda ushbu saytda maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun matematikadan ikkita sinf bor. Bular safiga birinchi va beshinchi sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan darslar ham qo‘shilgan. Bundan tashqari, birinchi sinfdan to‘rtinchi sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan rus tilidan interaktiv testlar bolalar e'tiboriga havola etilgan.

“Kelajakdagi rejalar bisyor”, - deydi loyiha asoschisi Sherzod Aripjonov. – “Kelgusida matematika va rus tili o‘quv mashg‘ulotlarini to‘qqizinchi sinf o‘quvchilariga mo‘ljallab, ishlab chiqmoqchimiz. Boshqa fanlarni qo‘shish niyatimiz ham yo‘q emas. Qolaversa, hozir sayt ota-onalar va bolalarga mo‘ljallangan. Yaqin kelajakda unga o‘qituvchi va katta yoshli o‘quvchilar, repetitorlarga mo‘ljallangan dasturlarni kiritish istagidamiz.

Bilim olish, ilm cho‘qqilarini egallash kishini ma'rifatli hamda komil inson bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi. Eng ilg‘or texnologiyalar asosida targ‘ib etilayotgan ilm olish vositalari bu yo‘lda yana talabchan, fidokor va jo‘shqin bo‘lishga undaydi. eSchool.pro sayt startapi ilm cho‘qqisiga yetish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga ishonib qolamiz.

Top