Inson dunyoga bir marta keladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak u yoshmi-keksami, erkakmi-ayolmi, ayyormi-soddami, olimmi-nodonmi nima bo‘lgan taqdirda ham, mana shu insonligi uchun uni sevadigan, ardoqlaydigan, kutadigan, gaplarini tinglaydigan, xarakterini ko‘tara oladigan odamlar topiladi. Shu sabab suyganlarimizning tirnog‘iga tikan kirsa, bizning ham jonimiz og‘riydi. Ammo yaqin insoningni o‘lim bilan olishib yotganini ko‘rishing esa umuman ko‘tarib bo‘lmaydigan darddir. Ayniqsa, u uch yarim yashar norasida go‘dak bo‘lsa...

20 yanvarning kechki to‘qqizi

Bundan bir yarim oy muqaddam uch yarim yashar jiyanim Yosinaxonning nafas olishida o‘zgarish paydo bo‘ldi. Nafas olganida xirillagan bo‘g‘iq ovoz chiqar edi. Onasi, ya'ni singlim uni shifokorlarga ko‘rsatish niyatida Samarqanddagi ko‘p tarmoqli shifoxonaga olib ketdi. U yerga borgach, pediatr Namozov Fazliddin Sharofiddinovich ismli pediatr jiyanimga nafas yo‘lidagi allergiya tashxisini qo‘yib, zarur dori-darmonlar yozib berib, ularni jo‘natib yubordi.

Oradan kunlar o‘tdi. Ammo Yosinaxonning ahvoli yomonlashsa, yomonlashdiki, biroq yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Onasi shifokor aytgan qimmat dorilarni sotib olib kelar, uni qiziga ichirar, biror naf bo‘larmikan, degan ilinjda kunlarni sanardi. Biroq aynan shu kuni, ya'ni 20 yanvarda...

O‘z xonamda ishlarimni bajarib, maqola yozib o‘tirgandim. Hovlidan dadamning baland ovozda meni chaqirayotganlarini eshitib, shoshib o‘rnimdan turdim-da, hovliga chiqdim. U kishining ranglarida rang qolmagan, ko‘zlari xavotir va qo‘rquvdan katta-katta bo‘lib ketgandi. “Plastik kartangni tez olib chiq, Yosinaxonning nafas olishi og‘irlashdi. Shifoxonaga olib borish kerak”, dedilar. Yuragim shuv etib ketdi. Shoshilib uyga kirdimda, plastik kartamni qo‘limga olgancha, hovliga otildim. Singlim yig‘laganicha, qo‘lida qizini ushlab olgan, jiyanim xuddi kimdir bo‘g‘ayotgandek, qisqa-qisqa, ammo og‘ir nafas olardi. Og‘iz atrofi ko‘karib ketgan edi.

Ishimni chala qoldirdim-u, ota-onam va singlimga qo‘shilib, Shahrisabz bolalar shifoxonasiga yo‘l oldim. Jiyanimning ahvolini ko‘rgan shifokor, uni jonlantirish bo‘limiga oldi. Yonida onasini qoldirib, bizni tashqariga chiqarib yuborishdi. Havo sovuq, qo‘rquv, yomon xayollar, onamning yig‘isi aralashib, juda kuchli vahima uyg‘otar edi. Dadam har 10 daqiqada nevarasining ahvolini so‘rar, ammo bir xil javob: “O‘zgarish yo‘q”, degan so‘zni eshitib, ortga qaytar edilar. 

Maslahatlashib, singlim borgan samarqandlik shifokorga qo‘ng‘iroq qildik. U ayni damda jiyanimga qarayotgan shifokor bilan gaplashdi. Zarur ko‘rsatmalar berdi, shekilli, bizga ayrim dori vositalarini olib kelishligimizni aytishdi. Dorilarni olib keldik... Yana daqiqalar o‘tish boshlandi. Ozgina umid paydo bo‘ldi. Biroq ahvol yaxshilanmadi.