Yangiyo‘lning eski yo‘llari yoki 20 yildan beri ta'mirlanmagan ko‘cha holati
Bu ko‘chadan har kuni yuzlab odam ishga qatnaydi, bolalar maktabga boradi, keksalarning ham o‘ziga yarasha yumushi bor. Yo‘l soz bo‘lsa-ku, yaxshi lekin aksi bo‘lsa-chi?
Yangiyo‘l tumani, “Tinchlik” qishloq fuqarolar yig‘ini, “Istiqlol” mahallasi (eski nomi “Mustaqillik”) hududidan o‘tuvchi “Temiryo‘l” ko‘chasidagi (eski nomi A. Ahmedov) yo‘ldan yurishdan odamlarning yuragi bezillab qolgan. Xoh piyoda bo‘lsin, xoh mashinada.
Yangiyo‘l va Zangiota tumanlari aholisi foydalanadigan (aslida foydalanish so‘zini kinoya deb qabul qilish kerak) mazkur ko‘cha ta'mirdan chiqarilmaganiga yigirma yil bo‘lganiga nima deysiz? E'tibor qiling-a, 20 yil! Bunga mahalla ahli shohidlik berdi.
— Bu ko‘chada o‘ynab katta bo‘lganmiz. Esimni tanibmanki, mana shu ahvol: o‘nqir-chunqir. Ko‘p martalab mas'ul tashkilotlarga yakka tartibda ham, jamoaviy tarzda ham murojaat qilganmiz. Har safar keyingi dasturga kiritdik, kunlar isishi bilan ta'mirni boshlab yuboramiz, deya va'da berishadi. Lekin o‘zgarish yo‘q, — dedi biz bilan suhbatda mazkur mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Dilshod Muhammedov.
Suhbatdoshimizning kuyinganicha bor. Uzunligi 1 km. ham kelmaydigan ko‘chaning ahvolini suratlardan ko‘rib turibsiz. Har qadamda uchraydigan o‘yiqlardan ulovni chetlab o‘tish, shikast yetkazmasdan olib chiqish haydovchidan katta mahorat talab qiladi. Birinchi marta yo‘li tushganlar esa mashinasini ta'mirlatishi ham mumkin.
O‘z ismi sir qolishini so‘ragan mazkur mahallada istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘ onaxon shunday dedi:
— Har safar marshrutkaga chiqqanimda, yuragim taka-puka bo‘lib turadi. Mashina siltab otavergani sayin qon bosimim ortadi. Asablarning egovlanishini aytmaysizmi!
Salomatlik masalasida gap ketar ekan, yana bir masalaga e'tiroboringizni qaratishni xohlar edik. Hamma ham issiq jon. Ba'zan uyga “Tez tibbiy yordam”ni chaqirishga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, tibbiyot xodimlarining hayallab qolishi kechirib bo‘lmas holat. Lekin yuqorida tilga olganimiz “Temiryo‘l” ko‘chasidagi kabi buzuq yo‘ldan yurishiga to‘g‘ri kelgan xizmat mashinasining tezligini tasavvur qiladigan bo‘lsak-chi?! Xudo ko‘rsatmasin, o‘z vaqtida tibbiy yordam ololmagan bemor vafot etsa, bunga kim javobgar bo‘ladi: yo‘ldan ming bir qiyinchilik bilan yurib kelgan tibbiyot xodimlarimi yoki buzuq yo‘lni o‘z vaqtida ta'mirlamagan mutasaddilarmi?
Inson hayoti — bebaho. Hayot rishtasi bunday tuzatsa bo‘ladigan muammolarga bog‘liq bo‘lib qolishi, shubhasiz, kechirilmas xatodir.
Ko‘pni ko‘rgan otaxonlardan birining fikri, ayniqsa, jo‘yali yangradi:
— Bu yo‘lni shunchaki asfaltlab ketish yaramaydi. Uning ikki chetidan beton ariqchalar (lotok) o‘tkazilmasa, yomg‘ir va anhordan oqib chiqqan suvlar asfaltning sifatini bir mavsumdayoq yana oftodahol qilib qo‘yishi aniq. Ta'mirlaganga yarasha uzoq muddatni ko‘zlab ish ko‘rish lozim. Bundan tashqari, ko‘chalarimizning yoritish tizimi butunlay izdan chiqqanligi ham e'tibordan chetda qolmasligi shart. Shunday ekan, mutasaddi rahbarlarga bir o‘tinchim bor: yo‘lni sifatli qilib tuzatinglar, bolalarim. Elning duosini olishda ham hikmat ko‘p!
Muammoni o‘rganib, odamlar bilan suhbatlashar ekanmiz, mahalla ahlining Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan umidi katta ekanligini payqadik. Zo‘r shijoat bilan boshlangan xayrli ishlar odamlar ko‘ngliga umid urug‘larini ekkani ko‘nglimizga taskin berdi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida rahbarlarga qarata to‘g‘ri ta'kidlaganidek: “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”.
Adham ARSLONOV,
“Ishonch” muxbiri.
Muallif olgan suratlar
Mavzuga oid
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
10:00 / 08.10.2024
Yangiyo‘lda qariyb 275 mln so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi
00:26 / 28.07.2024
Yangiyo‘ldagi dahshatli qotillik. Hodisa joyidan reportaj
18:13 / 27.07.2024