Jahon | 17:08 / 30.01.2017
13935
6 daqiqa o‘qiladi

Oq uy muhojir va qochqinlar kirib kelishiga nisbatan taqiqni yumshatishga majbur bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati yakshanba kuni qochqinlarni qabul qilish va aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan yetti davlat fuqarolarini mamlakat hududiga kiritmaslik bo‘yicha cheklovni bir qadar yumshatdi. Bu holat nufuzli respublikachilar tomonidan tanqid toshlari otilgach, qolaversa, ko‘chalardagi minglab amerikaliklar qatnashgan norozilik namoyishlari fonida yuz berdi. 

Tramp juma kuni qochqinlarni qabul qilishni to‘rt oyga to‘xtatib turish hamda Suriya, Iroq, shuningdek Yaman, Somali, Liviya va Sudan davlatlari fuqarolarini qabul qilishni vaqtinchalik taqiqlash haqidagi farmonga imzo chekdi. Bunga javoban amerikalik demokratlar hamda ko‘plab respublikachilar jiddiy tanqid bilan chiqishdi. Farmon sudlarga ko‘plab murojaatlar kelib tushishi hamda AQSh aeroportlaridagi tushunmovchilik holatlariga sabab bo‘ldi.

AQSh milliy xavfsizlik vaziri Jon Kelli keyinchalik yetti davlat fuqarolarida amal qiluvchi grin-kartalar bo‘lsa, ular xorijdan qaytganlarida hech qanday to‘siqqa duch kelmasliklarini ma'lum qildi. 

Yakshanba kuni kechqurun Amerika aeroportlarida to‘xtatib qolingan barcha grin-karta egalari mamlakatga kiritildi, degan Reyter agentligiga vaziyat bilan tanish amerikalik amaldor.

Prezident tanqidchilarining ma'lum qilishicha, bunday choralar musulmonlarga nisbatan adolatsiz bo‘lib, AQSh qonunchiligini buzadi hamda Amerikaning muhojirlar uchun mehmondo‘st mamlakat sifatidagi hurmatini tushirib yuboradi.

Tramp yakshanba kuni farmon “dinlarga tegishli emasligi”, xavfsizlikni ta'minlashga yo‘naltirilganini aytib o‘tdi. U bu qadamni Amerikani jangarilardan himoya qilish usuli deb baholadi.

Vashington ko‘chalariga bir necha ming kishi “Trampni mamlakatdan chiqarib yuborish kerak” va “Xalq qalbi uchun qo‘rquv dahshatlidir” yozuvlari bo‘lgan plakatlar bilan chiqdi.

Shuningdek Nyu-York, Los-Anjyeles, Boston, Xyuston, Dallas shaharlari va aeroportlarida hamda mamlakatning boshqa qismlarida ham norozilik namoyishlari o‘tkazildi.

Senatning xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari va Tramp ittifoqchisi respublikachi senator Bob Korker prezident farmoni, ayniqsa grin-karta egalariga nisbatan noto‘g‘ri talqin etilganini aytib o‘tdi. 

“Ma'muriyat darhol farmonni tegishli ravishda ko‘rib chiqishi lozim, va men bu jarayondan so‘ng hamda xavfsizlik choralari kuchaytirilgach, ushbu dasturlardan ko‘plari yaxshilanishi hamda to‘g‘irlanishidan umidvorman”, - dedi u.

Biroq Tramp o‘z qarorini himoya qilmoqda.

“Aniqlik kiritmoqchiman: bu musulmonlarga nisbatan taqiq emas. Buni OAVlari noto‘g‘ri talqin qilishdi”, - deya ma'lum qildi u yakshanba kuni.

“Bu dinga tegishli emas, balki terrorga qarshi hamda mamlakatimiz xavfsizligini ta'minlashga yo‘naltirilgan. Dunyo bo‘ylab farmonda nomi tilga olinmagan aholisi asosan musulmonlardan iborat 40ga yaqin davlat bor”.

Prezident qo‘shimcha qilgan: “Biz barcha davlatlar fuqarolariga yaqin 90 kun davomida xavfsizlik choralarining aksariyat qismini ko‘rib chiqib, amalga tatbiq etganimizdan so‘ng yana vizalar berishni boshlaymiz”.

Oq uy vakilining xabar berishicha, amaldagi vizasi bo‘lgan va AQShga qaytishni istovchi kishilar qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tish uchun Amerika elchixonasi yoki konsulligiga borishlari kerak.

“Grin-karta egalariga keladigan bo‘lsak, farmon kuchi ularga nisbatan qo‘llanilmaydi”, - dedi Oq uy ma'muriyati rahbari Rayns Pribas NBC telekanaliga bergan intervyusida.

Pribas nima uchun ro‘yxatga Saudiya Arabistoni, Afg‘oniston, Pokiston va Misr kirmaganligi haqidagi savolga javob berar ekan, “ehtimol, farmonga kelajakda boshqa mamlakatlar ham kiritilishini mumkinligi”ni aytib o‘tdi.

Mamlakatning kamida besh shtati sudyalari esa federal hukumat tomonidan farmon ijrosini to‘sib qo‘yishdi, biroq uning ta'sir doirasiga tushgan bir necha kishi advokatlari yakshanba kuni bir qator amaldorlar sud qarorlarini bajarishdan bosh tortgani haqida aytib o‘tishdi.

Nufuzli respublikachi senatorlar Jon Makkeyn va Lindsi Grem Tramp farmoni xavfsizlikni kuchaytirishga emas, balki ko‘proq “terrorchilarni” yollashga yordam berishi mumkinligini ma'lum qilishdi.

Pribasning so‘zlariga ko‘ra, AQShga shanba kuni kelgan 325 ming kishidan 109 nafari to‘xtatib qolingan hamda ularning ko‘pchiligi qo‘shimcha savollardan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

“Tartibsizlik kelib chiqmadi”, - dedi u.

Xalqaro aeroportlar joylashgan Kaliforniya, Massachusets, Virginiya va Vashington shtati sudyalari shanba kuni mamlakatga kirib kelgan hamda Tramp farmoni ta'siriga tushgan shaxslarni davlatdan chiqarib yuborish qarorini to‘sib qo‘ydi. 

Kaliforniya, Nyu-York va yana 13 shtat bosh prokurorlari prezident farmonini tanqid qilib, Trampning “xavfli” va “konstitutsiyaga zid” harakatlariga qarshi kurashishga va'da berishdi.

Mavzuga oid