14:55 / 14.02.2017
16439

Jonidan o‘zga vafodor topmagan shoh va shoir

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she'riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatgi Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she'riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Tarixchilar, olimlar va adabiyotshunoslar tomonidan shoh va shoir shaxsiyatiga xos quyidagi yetti fazilat doimo e'tirof etib kelingan: vatanparvarlik, yuksak himmatlilik, jasurlik, boshqaruvda benazirlik, odamlarga farovonlik sog‘inish, jangchilar ko‘ngliga yo‘l topish va adolat qilmoqlik.

Boburdan juda ko‘plab ilmiy, adabiy meros qolgan. U lirik she'rlari va tarixiy «Boburnoma»sidan tashqari, islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522 yilda o‘g‘li Humoyunga atab yozgan «Mubayyin» nomli asarida o‘sha zamon soliq tizimini, soliq yig‘ishning qonun-qoidalarini, shariat bo‘yicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. «Xatti Boburiy» deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida «Xatti Boburiy» alifbosida Qur'oni Karimni ko‘chirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bag‘ishlangan «Mufassal» nomli asari ham bo‘lganligi ma'lum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.

Zahiriddin Muhammad Bobur hikmatlaridan:

«Shafqatsiz kishi azobga loyiqdir».
«Yaxshi kishilarni Yaratgan yaxshi do‘stlar bilan siylaydi».
«Ko‘pchilik bahodirlar qanchalar kuchli bo‘lmasinlar, ular hargiz o‘z jahllari va qo‘rquvlaridan ustun kela olmaydilar».
«Ko‘nglingni dinlarning muhokama maydoniga aylantirma. Adolat o‘rnatishda insonlarning e'tiqodiga chuqur hurmatda bo‘l».

Mavzuga oid
Top