O‘zbekiston | 21:00 / 15.02.2017
19661
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtoyo‘l» o‘rnida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etiladi

Foto: uzavtoyul.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni imzolagan «Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tugatilgan «O‘zavtoyo‘l» (O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi) o‘rnida O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etiladi. 

Farmon «avtomobil yo‘llari va sun'iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo‘l xo‘jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to‘laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida» qabul qilingan.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan, xalqaro shartnomalar bo‘yicha «O‘zavtoyo‘l»ning huquqiy vorisi hisoblanadi hamda avtomobil yo‘llari sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

- avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish;
- avtomobil yo‘llarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
- avtomobil yo‘llarining xalqaro tranzit yo‘laklarini shakllantirish;
- zamonaviy transport oqimi sharoitlarida avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta'mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini ta'minlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
- avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirish;
- xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish, ularning yuqori transport-foydalanish darajasida bo‘lishini ta'minlash;
- ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;
- avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet ellarda o‘quv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Ayni vaqtda, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlariga, shu jumladan, investitsiya loyihalari va mukammal ta'mirlash obektlarini texnik-iqtisodiy asoslashni (texnik-iqtisodiy hisob-kitobni), avtomobil yo‘llarini mukammal ta'mirlash obektlarining ish hujjatlarini va avtomobil yo‘llarini jihozlash bo‘yicha tanlov hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga yuklanadi.

Mavzuga oid