17:06 / 20.02.2017
14221

Mayk Taysonning Ferrari F50 sportkari auksionga qo‘yildi

Afsonaviy bokschi va 8 farzandning otasi Malik Abdulaziz (Mayk Tayson) ham qachonlardir Formula-1 bolidlariga o‘xshash avtomobilda sayr qilishni yoqtirganga o‘xshaydi. 20 fevral kuni ma'lum bo‘lishicha, «temir Mayk» laqabli bokschining sobiq mashinasi RM Sotheby's savdo uyi tomonidan sotuvga qo‘yilgan.

Biz Malikning qachonlardir sotib olgan mashinasini sotishga nima sabab bo‘lganini surishtirib o‘tirmaymiz, balki, mashinaning o‘zi bilan tanishamiz. Demak, jami ishlab chiqilgan 349 dona sportkarning 73-si bo‘lgan Ferrari F50 atigi 9 000 kilometr masofani bosib o‘tgan. U joriy yil 11 martidagi savdoda sotuvga qo‘yiladi. 

Superkarga 12 silindrli, 4.7 litr hajmga ega, daqiqasiga 8000 aylanish lahzasida 520 ot kuchini beruvchi «atmosfera»li dvigatel o‘rnatilgan. Lotga taqdim etilgan bayonnomada ta'kidlanishicha, Formula-1 uchun ishlab chiqarilgan Ferrari agregati negizida barpo etilgan motor daqiqasiga 10 000 marta aylanishi mumkin. F50 4 soniyaga yetmasdan soatiga 100 km tezlikka chiqadi. 

Malik Abdulaziz bu avtomobilda 7885 kmga yaqin masofa sayr qilgan. Mashinaning birinchi egasi ham o‘zi bo‘lgan, keyinchalik sportkarni sietllik brokerga sotishga qaror qilgan. 2005 yilda mashina texnik xizmatdan o‘tgan. 

Afsonaviy bokschining sobiq avtomobili 2,2-2,4 million dollarga sotilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top