Jamiyat | 23:38 / 21.02.2017
61580
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chamisan ko‘cha: O‘zbekiston husnbuzarlariga Stop

Yo‘llar u xoh katta bo‘lsin yoki mahalla ichida joylashgan kichik yo‘l bo‘lsin o‘ziga yarasha ahamiyatga ega hisoblanadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, har bir yo‘lning o‘z vazifasi bor. Bu, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qiladi. Shunday ekan yo‘llarning keng va tekis bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Ammo joylardagi ayrim yo‘llar shu darajada ta'mirtalab-ki, birinchidan, uning yo‘l sifatida hamon mavjudligi kishini hayron qoldirsa, ikkinchidan ta'mirlanmay yotishi, e'tibordan chetda qolayotgani ajablantiradi. Kun.uz saytiga O‘zbekistonning turli chekkalaridan kelib tushayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan ana shu yo‘llarning ayrimlariga e'tiborimizni qaratamiz.

Suv ostida qolayotgan tarix

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Buxoroda joylashgan Niyozquli madrasasi (Chor Minor)ning suv bosgan surati paydo bo‘ldi. U yerlarni yaxshi bilmaydigan kishi obida to‘rt tarafi suv bilan o‘ralgan orolda qad ko‘targan deb faraz qilishi mumkin. Yomg‘irdan so‘ng necha yillik tarixga ega mazkur obidaning tabiiy ofat ostida qolayotgani kishini tashvishlantiradi.

Qo‘shrabotning tutdek to‘kuvchi yo‘llari

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani yo‘llari shu qadar o‘ydim-chuqurki, aholi viloyat markaziga borib kelguncha tutdek to‘kilmoqda. Saytimiz orqali bu haqida maqola e'lon qilgan edik. Xabarda aytilishicha, “Respublika yo‘l jamg‘armasining yo‘lni ta'mirlab berish haqidagi yoqimli va'dalari ham qog‘ozda qolib ketgan”. Qayd etilishicha, Yo‘l jamg‘armasiga pul to‘layotgan odamlarning sabr kosasi to‘lgan va mutasaddilardan amaliy ishni talab qilishmoqda.

Namunaviy arig‘i bo‘lmagan namunaviy ko‘cha

Tahririyatimizga yo‘llangan videorlikda Sirdaryo viloyatining Guliston tumani tasvirga tushirilgan. Kadrda qator joylashgan namunaviy turar-joy binolarini, keng ko‘chani va shu ko‘chada keng bo‘lib oqayotgan suvni ko‘rish mumkin. Suv oqimi shu darajaga yetganki, hatto hovlilarga kirish darajasigacha borgan. Bunga sabab ko‘cha chetida suv borib tushishi uchun mo‘ljallangan ariqlarning yo‘qligidir. Bino ostida suvning doimiy to‘planib turishi unga zarar yetkazmasmikan? Qolaversa, u yerda yashovchilarning harakatiga muammo tug‘dirmaydimi? Shu bois sirdaryolik yana bir o‘quvchi: “Gulistonga kelsangiz o‘zingiz bilan qayiq olib keling”, deb achchiq hazillashadi.

Toshkentning 2017 yil manzarasi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari tomonidan Toshkent shahrining turli chekkalarida tushirilgan suratlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Suratlarda o‘zga sayyorani eslatib yuboruvchi uydim-chuqur yo‘llar tasvirini ko‘rish mumkin.

Yana o‘sha yomg‘ir, yana o‘sha toshqinlar...

So‘nggi kunlarda ob-havoning noqulay kelishi, yog‘ingarchiliklarga boy bo‘lishi Toshkentning ba'zi ko‘chalarini suvga to‘ldirdi. Misol tariqasida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida joylashgan ayrim ko‘chalarni keltirish mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ba'zi joylarda suv sathi bir necha santimetrga yetgan.

Qonunchilik nima deydi?..

O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yo‘l xo‘jaligi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida" farmoni qabul qilingan.  Unga ko‘ra, faoliyati bekor qilingan Avtomobil yo‘llarini qurilishi va ekspluatatsiyasi bo‘yicha davlat aksionerlik kompaniyasi («O‘zavtoyo‘l» DAK) bazasida O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Me'yoriy-huquqiy hujjatlarda yo‘l boshqaruv tizimi bilan bog‘liq  qator masalalarni hal etish, jumladan, avtomobil yo‘llarini texnik ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va ajratilgan mablag‘lardan yanada samarali foydalanish belgilangan.

Xulosa

Nima ham deyish mumkin? Suratlar o‘rnimizga so‘zlamoqda, guvohlik bermoqda. Biz faqat yaxshi niyat qilib qolamiz. Hokimliklar, soha mutasaddilari bu muammoga jiddiy yondashishadi, bu yo‘llar hali chunonam ta'mirlanadiki, unda bolajonlar sakrab-sakrab o‘ynab yurishadi, keksalar xotirjam qadam tashlashadi, xullas,barcha rozi bo‘ladi. Axir aytishadiku, yaxshi niyat-yarim mol, deb.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid