14:28 / 03.03.2017
110683

Rossiya ham emas, Qozog‘iston ham emas. Shavkat Mirziyoyev ilk tashrifni qaysi davlatga amalga oshirishi aniq

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlar ichida Turkmanistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Bu haqda Turkmanistonning Toshkent shahridagi elchixonasi «Kun.uz»ga ma'lum qildi.

«Tashrif amalga oshiriladi. Hozirda tashrifga tayyorgarlik ko‘rilmoqda», – dedi manba.

Ushbu tashrif 5-6 mart kunlari amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Kun.uz» ma'lumotiga ko‘ra, 5 mart kuni Ashxobod shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomidagi yangi ko‘chaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, sayt muxbirlari Buxoroga safari vaqtida viloyat hokimligi shu kunlarda Turkmanistonga delegatsiya yuborishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma'lumot olishgandi.

O‘tgan yilning oktabr oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov bilan telefon orqali muloqot qilgandi. O‘shanda qo‘shni davlat rahbari O‘zbekiston prezidentini Turkmanistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etgandi.

26 yanvar kuni O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining 13-yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda Ochilboy Ramatov boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston tomoni bilan turkman-o‘zbek muloqotini jadallashtirish masalalarini muhokama qilgandi.

Shuningdek, ikki tomonlama o‘zaro aloqalarning strategik yo‘nalishlari muhokama qilingan, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy, yoqilg‘i-energetika hamda transport-kommunikatsiya sohalariga qaratilgandi.

O‘zbekiston tomoni «O‘rta Osiyo-Yaqin Sharq» (O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon) yangi transport-tranzit yo‘lagini tashkil etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Uning amalga tatbiq etish xalqaro tranzit yuk tashuvlar hajmini oshirish va dunyo bozorini yana bir katta talabga ega yo‘nalish bilan ta'minlash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi ilk tashrifi Rossiyaga, shu yilning aprelida amalga oshirilishi xabar qilingandi. Keyinroq esa prezident ilk tashrifini mart oyida Qozog‘istonga amalga oshirilishi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Eksklyuziv fotoreportaj: Turkmanistonda Islom Karimov ko‘chasi ochilish arafasida

Top