O‘zbekiston | 17:46 / 26.01.2017
13407
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston “O‘rta Osiyo-Yaqin Sharq” yangi transport yo‘lagini tashkil etishda tayyorligini bildirdi

O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining 13-yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Respublika bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchilik qildi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston delegatsiyalari turkman-o‘zbek muloqotini jadallashtirish masalalarini muhokama qilishdi, deb xabar berdi Turkmaniston davlat axborot agentligi.

Tomonlar, shuningdek, ikki tomonlama o‘zaro aloqalarning strategik yo‘nalishlarini muhokama qilgan. Ular orasidagi eng asosiy masalalardan biri yoqilg‘i-energetika sohasidir.

O‘zbekiston “O‘rta Osiyo-Yaqin Sharq” (O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon) yangi transport-tranzit yo‘lagini tashkil etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Uning amalga tatbiq etish xalqaro tranzit yuk tashuvlar hajmini oshirish va dunyo bozorini yana bir katta talabga ega yo‘nalish bilan ta'minlash imkonini beradi.

O‘zbekiston va Turkmaniston madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni kuchaytirish masalalarini ham muhokama qilgan. Tomonlar ilmiy-ta'lim aloqalarini chuqurlashtirish va sport hamda turizm sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish haqida fikr bildirgan.

Mavzuga oid