Jamiyat | 12:22 / 08.03.2017
65675
5 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyati hokimi bilan ochiq suhbat (video)

O‘ktam Barnoyev / Foto: Kun.uz

Kun.uz tahririyati 2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan O‘zbekistonning turli viloyatlariga ijodiy safar uyushtirib, rahbarlar, mutasaddilar va aholi bilan muloqot o‘tkazishda davom etmoqda. Tahririyatning navbatdagi safari Buxoro viloyatiga bo‘ldi.

Safar davomida viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev bilan turli masalalarda ochiq suhbat bo‘lib o‘tdi. Ushbu suhbat davomida viloyatda mavjud muammolar tilga olindi va ularning hal etilishi borasida fikrlar o‘rtaga tashlandi. Istiqboldagi rejalar oydinlashdi.

Xalq bilan ishlash tamoyili

- Buxoro viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritayotganimga ikki oy to‘lgan bo‘lsa, shu vaqt orasida 500 nafardan ortiq buxorolik turli masalalarda murojaat qildi. Ular bilan bevosita muloqot qilindi. Bu hamon davom etmoqda. Haftaning har ikki kunida aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, odamlarning dardi, muammosi tinglanayapti, masalalar amaliy jihatdan hal etilyapti. Sonlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ushbu murojaatlarning 70 foizi ijobiy hal etildi. Hal etilgan ushbu murojaatlarga ish o‘rni bilan ta'minlash, sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq masalalar kiradi. Eng ko‘p murojaatlar esa uy-joy masalalari bo‘yicha bo‘lyapti va aytganimdek, ijobiy hal etilyapti.

Bu tizimda necha yillardan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, xalq bilan muloqotda amaliy yondashuv bu darajada bo‘lmagan. Tan olib aytishim kerak-ki, rahbarlar xalq bilan gaplashmay qo‘ygandi. 

Prezidentimiz tomonidan Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi ham bu borada olib borilayotgan tizimli ishlardan biri hisoblanadi. Aytish mumkinki, tonggi sakkizdan kechki oltiga qadar ishlayotgan ushbu qabulxonalar fuqarolar muammosi tezkor ravishda hal etilishiga turtki bo‘lyapti.

Viloyatdagi qishloq xo‘jaligi

- Buxoroda qishloq xo‘jaligi deganda, avvalo, chorvachilik ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ayni kunlarda viloyatda 2,5 million boshdan ortiq qoramol, 2,5 million boshga yaqin qo‘y va echki hamda 3,5 milliondan oshiq parranda boqib-parvarishlanyapti. 

Birinchi Prezidentimizning naslchilik borasida amalga oshirgan ishlarini alohida ta'kidlab o‘tishni istar edim. Men u paytlarda hukumatda faoliyat yuritardim va ana shu yo‘nalishda qabul qilingan qaror loyihasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etganman. O‘shanda naslchilik haqida, chetdan qoramol olib kelish to‘g‘risida aytilgan gaplarga hech kim ishonmagan edi. Sababi ular juda qimmat bo‘lib, parvarishi ham alohida e'tibor talab etardi. Shu bois boshida ularga bo‘lgan talab yuqori bo‘lmagan, hozir esa aksini ko‘rishimiz mumkin. 

Buxoroda chorvachilikning, asosan, qo‘ychilik yo‘nalishi juda keng rivojlangan. Aynan shu yo‘nalish bilan shug‘ullanadigan shirkat va fermer xo‘jaliklari bugun viloyatda keng faoliyat olib bormoqda. Buxoro cho‘llarida, yaylovlarida parvarishlanayotgan qo‘ylarga talab juda yuqori, chunki bu jonivorlarning go‘shti va terisi sifat jihatidan ancha yaxshi hisoblanadi.

Aholiga qo‘shimcha daromad

Parrandachilik ham bugun aholiga qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Men yaxshi eslayman, bundan 20 yil muqaddam Buxoro viloyatida parrandalar soni 500 mingga ham bormasdi. Bu sonlar bugunga kelib 3,5 million boshdan oshib ketdi. Chunki odamlarda qiziqish, intilish, harakat yuqori bo‘lyapti. 

Biz G‘ijduvon tumanidagi bir xonadonga tashrif buyurganimizda, ular parrandachilik bilan shug‘ullanar ekan. Boshida 1-2ta tovuq bilan boshlangan ish, bugunga kelib 1000dan oshiq tovuqni boqish bilan davom etyapti. Bu o‘sha xonadon egasining o‘z hovlisidagi tovuqlar soni. Bundan tashqari, u atrofidagi qo‘shnilariga 100tadan tovuq berib, jami 2000dan ziyod tovuqni yon-atrofdagi odamlarga boqtirayotgan ekan. Bu, albatta, har ikki tomonga ham yaxshi manfaat beradi.

Viloyat elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minotidagi holat

Yuqorida aytib o‘tganimdek, ushbu lavozimda faoliyat yuritayotganimga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, tumandagi barcha faollar va tadbirkorlar bilan uchrashib chiqdim. Bu uchrashuvlarda ko‘rinib qoldiki, asosiy muammo elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti masalasi ekanligi ma'lum bo‘lyapti.

TAS-IX

YouTube

Mavzuga oid