
Mijoz har doim haqmi yoki sotuvchi?
Avval boshdanoq ta'kidlashni istardikki, bu maqola xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi munosabatlarga daxldor emas. Balki reklama vositasida kishilar ongini boshqarishga oid. Shu bilan birga, unda badavlat kishilarning antiqa qiziqishlari, ularni boshqarish qanchalik oson ekani xususida. Amerikalik iqtisodchi va treyder, «Qora oqqush» nazariyasi muallifi Nassim Talib shu haqda fikr yuritadi.
Aksar odamlar boy bo‘lgani sari o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda xatti-harakatlarini boshqarish malakasidan mahrum bo‘lib borishadi. Ular o‘z xohish-istaklari ustidan nazoratni yo‘qotishadi, aksincha sun'iy qoidalarga bo‘ysuna boshlashadi. Bu esa ularning hayotini tobora murakkablashtiradi va aziyat chekishlariga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh ular ushbu sun'iy qoidalarni qayerdan olishadi? Buning javobi esa juda oddiy. Mazkur qoidalarni ularga nimanidir katta pulga sotmoqchi bo‘lganlar o‘ylab topishadi va boylarning onggiga singdirishadi. Ha, bu savdo o‘yinidagi xususiy manfaat muammosining aksidir.
Jamiyatning o‘ziga to‘q qatlamining dunyo qarashiga, ularga biror jihozni o‘zaro rozi-rizolik bilan sotish vositasida pul topishni istaganlar ta'sir ko‘rsatadi. Xaridorlarning boy-badavlat bo‘lgani esa nur ustiga a'lo nur. Chunki, ulardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganlar, odatda, kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilar toifasiga mansub bo‘lgani bois, birov-birovni ayblashni xayoliga ham keltirishmaydi.

“Gap shundaki, – deb yozadi maqola muallifi – bir safar men Mishlen yulduziga ega restoranda kechki ovqatni tanavvul qildim. U yerga meni bir tanishim taklif qilgan edi. U, garchi men oddiygina grek oshxonasini ma'qul ko‘rgan bo‘lsam-da, aynan ushbu restoranda ovqatlanishda oyoq tirab turib oldi. Qimmat restorandagi muhit ham o‘ziga yarasha jiddiy edi. Kechki dasturxonga tortilgan taomlar esa, kichik porsiyalardagi va ehtimol faqat mikroskopda ko‘rsa bo‘ladigan turli xil qo‘shilmalardan iborat edi. Ularning ta'mi, mazasi bir-biriga shunchalik zidki, go‘yoki sinov vaqtida imtihon topshirayotgandek tasavvur hosil qilish mumkin. Bu kechki ovqatdan ko‘ra, ko‘proq “tomi ketgan” filolog bilan qandaydir muzeyga borgansiz-u, hamrohingiz o‘zingiz bilishni istamagan nimalardir haqida tinimsiz va'z o‘qishiga o‘xshab ketar edi.


















