17:53 / 11.03.2017
5435

Amerikalik mutaxassislar dazmollash mumkin bo‘lgan elastik zirx ishlab chiqishdi

AQShning harbiy-dengiz laboratoriyasi olimlari har qanday turdagi zirxlardan yengilligi va ballistik xususiyatlari bilan tubdan farq qiluvchi yangi material ishlab chiqishdi. Termoplastik polimer zarbalar ta'sirida qattiqlashadi, biroq uni yana dastlabki holiga keltirish mumkin. Bunday materialdan yasalgan zirxli nimchalarni osongina tuzatsa bo‘ladi. 

Harbiy-dengiz laboratoriyasi xodimi doktor Mayk Rolandning izoh berishicha, plastinaning zararlangan qismi osongina qayta birikadi va zirxli nimcha yoki boshqa buyumning tuzilishini tiklaydi. Buning uchun uni biror issiq narsa, masalan dazmol bilan 100 darajagacha qizdirish kifoya qiladi. Shundan so‘ng, polimer yana butun va yumshoq bo‘lib qoladi. 

phys.org saytining yozishicha, material ushlab ko‘rilganda rezinaga o‘xshab ketadi, tashqi ko‘rinishi ham shunday. Ammo, uning xususiyati yengil, shaffof va egiluvchan zirxni yasash uchun foydalanishga imkon beradi. 

Top