22:52 / 11.03.2017
10538

Toshkentda jinoyat kodeksini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi

2017 yil 10 mart kuni Toshkent davlat yuridik universitetida «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini takomillashtirish masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, vazirliklar, davlat organlari, ilmiy-markazlar va yurisprudensiya yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari vakillari hamda TDYuU pedagog-xodimlari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi. 

Mazkur anjuman sud-huquq tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligiga xalqaro tajribani implementatsiya qilish, jinoiy jazolarni insonparvarlashtirishda penalizatsiya va depenalizatsiya, jinoiy javobgarlikni liberallashtirishda kriminalizatsiya va dekriminalizatsiya qilish, shuningdek boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlandi.

Ilmiy-amaliy anjuman ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ahamiyati, unga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarning mohiyati yuzasidan uchta asosiy ma'ruzalar tinglandi. 

Ikkinchi bosqichda esa anjuman ishtirokchilari ikkita kichik guruhlarga bo‘lingan holda qamoq jazosini depenalizatsiya qilishning ijtimoiy zarurati, voyaga yetmaganlar uchun nazarda tutilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish istiqbollari, majburiy jamoat ishlarini penalizatsiya qilishda milliy va xorijiy tajriba, jinoiy qilmishlarni kriminalizatsiya va dekriminalizatsiya qilish masalalari yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar olib borildi.

Jinoyat qonunchiligi sohasidagi olimlar va amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.

Top