21:54 / 28.03.2017
3588

Beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati qachon o‘tkazilishi ma'lum qilindi

Joriy yilning10fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi O‘zbekiston chempionati qachon o‘tkazilishini ma'lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, zamonaviy beshkurash bo‘yicha ilk musobaqaga 31 mart kuni start beriladi. Mazkur bellashuvlar poytaxtning turli sport saroylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, beshkurashchilar o‘rtasidagi qilichbozlik bellashuvlari «Paxtakor» Markaziy stadionining «Yoshlik» sport zalida soat 09:00 dan 11:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Shu kunning o‘zida keyingi bellashuvlarni atletlar poytaxtdagi «Yoshlik» sog‘lomlashtirish-sport kompleksi (sobiq NBU sport majmuasi)da davom ettiradilar. Rejaga ko‘ra, musobaqaning suzish sport turi bo‘yicha bellashuv soat 12:00dan 14:00gacha, o‘q otish va yugurish bo‘yicha ballarni jamlash esa 15:00-18:00gacha bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ot sporti bo‘yicha o‘takaziladigan bellashuvi joriy yilning 1 aprel sanasida   belgilandi. Ishtirokchilar «Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorat maktabi»da soat 09:00dan boshlab otni bo‘ysundirish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etadilar. Musobaqa bahslari yakunlangach, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasining faoliyati taqdimoti va zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tadi. Unda ilk musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar munosib taqdirlanadilar.  

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi mamlakatdagi sport ishqibozlari va OAVlari vakillarini qizg‘in va murosasiz o‘tishi kutilayotgan mazkur bellashuvlarni tomosha qilishga taklif etadi. Musobaqani tomosha qilish bepul.

Top