O‘zbekiston | 22:24 / 30.03.2017
49712
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev videoselektor majlis o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 mart kuni videoselektor majlis bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Unda ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash, kommunal, sog‘liqni saqlash sohalari, ichki ishlar tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qavatli uy-joylarni vaqtida va sifatli ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Hududlar rahbarlarining bu boradagi mas'uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Majlisda ko‘p qavatli uylarda yashaydigan aholiga zarur sharoitlar yaratish, kommunikatsiya tizimlarini ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Joriy yilning 9 fevral kuni profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish va inspektorlarni xizmat uylari, avtomobillar bilan ta'minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 yanvar va 7 fevral kunlari o‘tgan yig‘ilishlarda sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida bu borada tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ijrosiga kirishildi. Majlisda qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatini yaxshilash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, poliklinikalar ish vaqtini uzaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

«O‘zbekiston Prezidenti mazkur sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berdi», — deyilgan xabarda.

Mavzuga oid